Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
DARYO
15:32 / 2025-08-18

Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!

Bir daryo sharqirab kirdi,  Vatanga,

Bir azim chinordek silkindi  tog‘lar.

Nur kirdi tonglari hazin qo‘rg‘onga,

Mudroq uyqulardan uyg‘ondi bog‘lar.

 

Bir daryo sharqirab kirdi,  Vatanga,

Dashtu dalalarda cho‘g‘landi bayot.

To‘lqinlar dengizdek hayqirgan onda,

Qadim O‘zbekyurtda  qaynadi hayot.

 

Bir daryo sharqirab  kirdi,  Vatanga,

Sayxundan, Jayhundan qudratli g‘ulu.

Alpona kuch berdi yovqur Turonga,

Dovqur  Turkistonni birlashtirdi u.

 

Bir daryo sharqirab kirdi, Vatanga,

Bugun gullayotir hatto, toshimiz.

Har giyoh, har chechak, har bir chamanga,

Daryo bo‘layotir Karvonboshimiz.

 

Bir daryo sharqirab kirdi, Vatanga,

Hazrat Buxoriylar duosi shuldir.

Vatandosh, boringni baxsh et,  Vatanga,

Vatanni  oq - oppoq gullarga to‘ldir.

 

Bir daryo sharqirab kirdi,  Vatanga,

Namxush novdalarda kurtaklar qator.

Uchinchi  Renessans  -- moviy gulshanda,

Boychechak ko‘tarib jilmaydi bahor.

 

Bir daryo sharqirab kirdi,  Vatanga.

Ko‘ngil bog‘lariga yulduzlar qo‘ndi.

Ko‘kka qo‘l uzatgan O‘zbekistonga,

Quyosh ham ayro nur sochmoqda endi.

 

Bir daryo sharqirab kirdi, Vatanga –

To abad  shovullab turgay endi u.

Ulug‘ Turkistonda -- buyuk Turonda,

Taxtimiz mangudir, baxtimiz mangu.

Abdusaid Ko‘chimov

14.08.2025 y