English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Daryo va soy o‘zanlariga shikast yetkazayotganlarga jazo qo‘llanildi
19:23 / 2025-04-26

Surxondaryo viloyati ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi nazoratchilari Denov tumanida o‘tkazgan tadbir chog‘ida Mehnatobod mahallasidagi sel soyida qum-tosh xomashyosini g‘ayriqonuniy tashish holatiga duch keldi.

Soyda bamaylixotir kichik ekskavator yordamida qum va shag‘alni yuk mashinasiga ortayotgan Eldor Mahsumov (ism-familiyalar o‘zgartirildi) qo‘lga tushdi. Uning bu harakati tabiiy resurslardan noqonuniy foydalanish sifatida baholanib, ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muvofiq 3 million 750 ming so‘m miqdorida jarima belgilandi. Shuningdek, atrof-muhitga yetkazilgan zarar miqdori 1 million 632 ming 960 so‘m etib belgilandi.

Viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi axborot xizmatidan olingan ma’lumotga ko‘ra, shu kuni nazoratchilar Denov tumanidagi Shamolli mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi “Surxon” daryosining muhofaza zonasida ham noqonuniy qum-shag‘al qazib olish holatiga chek qo‘ydi. Bu yerda Xolmat Abdullayev o‘ziga tegishli maxsus texnika yordamida qum materialini yuk mashinasiga ortayotgani aniqlandi. Bu harakati bilan qum kushandasi daryo o‘zanidagi tabiiy resurslarga 2 million 177 ming so‘m zarar yetkazgani hisoblab chiqildi. Holat yuzasidan rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnomaga ko‘ra, endilikda Xolmat Abdullayev ham bu qilmishi uchun tegishli jarimani to‘laydigan bo‘ldi.  

Viloyatda daryo va sel soylaridan g‘ayriqonuniy qum-shag‘al qazib, tabiatga shikast yetkazishga qarshi hamkorlikdagi o‘rganish ishlari davom etmoqda.

Nilufar Bozorova, O‘zA muxbiri