English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Daryo o‘zanlarini tozalashda nimalarga rioya qilinadi?
10:23 / 2024-02-10

Qaror va ijro

Sel-suv toshqinlari mavsumida daryo (soy, jilg‘a) o‘zanlarida oqim bilan ko‘p miqdorda qum-shag‘al, xarsang toshlar, loyqa va boshqa chiqindilar oqib keladi. Natijada suv yo‘nalishi o‘zgarib, qirg‘oqqa yaqin hududlarni, ekin maydonlari, aholi punktlari va boshqa ijtimoiy ob’ektlarni suv bosishi bilan bog‘liq xavf yuzaga keladi. 

Daryolar o‘zanlarini tozalash va ichki bozorni qum-shag‘al materiallari bilan barqaror ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 9 iyuldagi “Ichki bozorni qum-shag‘al materiallari bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qabul qarori qilingan. 

Qaror talablariga ko‘ra, to‘planib qolgan qum-shag‘al materiallaridan tozalanishi lozim bo‘lgan daryo o‘zanlarining ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi xodimlari tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijalari bo‘yicha shakllantiriladi. 

Daryo o‘zanlarini tozalashda faqat qirg‘oqlar yuvilishiga hamda yaqin hududlarning suv bosishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan va suv oqimlariga to‘sqinlik qilayotgan o‘zanda yig‘ilib qolgan qum-shag‘al materiallari hajmi qazib olinishiga ruxsat etiladi. Daryo o‘zanlarini tozalash jarayonida qum-shag‘al materiallarini qazib olish ishlari mavsumiy tarzda, yer uchastkalarini ajratmagan holda amalga oshirilishi belgilangan. Shu bilan birga mazkur qarorda Komissiya tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatdagi maydonlarda daryolar o‘zanlarini tozalash ishlariga tadbirkorlik sub’ektlarini jalb qilish Xavfsiz daryo boshqarmasi tomonidan “Ye-auksion” elektron savdo platformasi orqali o‘tkaziladigan tanlov yo‘li bilan amalga oshirilishi belgilangan. 

Ma’lumki, Sirdaryo daryosi Sirdaryo viloyatining shimoliy qismidan oqib o‘tgan bo‘lib, uning uzunligi 140,7 kilometrga teng. Umumiy suv muhofaza maydoni 7003,1 gektar, shundan qirg‘oq bo‘yi maydoni 1388,8 gektarni tashkil qiladi. 

–Daryo o‘zanlarining belgilangan loyiha parametrlari hamda ekologik ekspertiza xulosalari asosida tozalanishini tashkil etish va bu orqali sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan tabiiy favqulodda vaziyatlar, ya’ni suv toshqini oldini olish, daryo qirg‘oqlari yuvilishini hamda qirg‘oqqa yaqin joylashgan hududlarni, aholi punktlarini, ijtimoiy va boshqa ob’ektlarni suv bosishi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida loyiha hujjatlari va davlat ekologiya ekspertiza xulosasida ko‘rsatib o‘tilgan talablarga rioya qilingan holda ishlash tashkil etiladi, – deydi Xavfsiz daryo boshqarmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi boshlig‘i Bekzod Bobobekov. 

Bugungi kunda Sirdaryo viloyati hududidan oqib o‘tuvchi Sirdaryo daryosi o‘zanida qirg‘oqlar yuvilishiga hamda yaqin hududlarni suv bosishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan va suv oqimlariga to‘sqinlik qilayotgan daryo o‘zanida to‘planib qolgan qum-shag‘al materiallaridan tozalanishi lozim bo‘lgan uchastkalarda o‘zan tozalash ishlari loyihasini amalga oshirish huquqini auksion savdo platformasi orqali qo‘lga kiritgan 35 ta tadbirkorlik sub’ekti va 1 ta boshqarma tomonidan 46 ta uchastkada belgilangan loyiha parametrlari hamda ekologik ekspertiza xulosalari asosida o‘zan tozalash ishlari olib borilmoqda. 

Shu o‘rinda qurilish ishlarida qum-shag‘alga zarurat bo‘lganda, daryo o‘zanlarini tozalash ishlarini olib boruvchi tadbirkorlik sub’ektlariga murojaat qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. 

O‘zboshimchalik bilan, noqonuniy tarzda duch kelgan joydan qum-shag‘al ortish, tashash bilan shug‘ullanuvchilar, Yer osti boyliklarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish talablarini buzgan deb topiladi. 

Bu, o‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 70-modda 1-qismi bilan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan yigirma baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa o‘ttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. 

Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri