Prezidentimiz raisligida joriy yil 24 avgust kuni ekologik holatni yaxshilash, daraxtlar muhofazasini samarali tashkil etish va yashil hududlarni kengaytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan bugungi kunda mazkur yig‘ilishda belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, bunda qo‘mita huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasi tashabbuskorligida idoralararo ishchi guruhlar shakllantirildi. Ishchi guruhlar tarkibida Favqulodda vaziyatlar vazirligi, ekologiya va soliq sohasi mutaxassislari ishtirok etmoqda.
Qo‘mitaning jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Ziyoda Ahmedovaning ma’lum qilishicha, ayni kunlarda mazkur ishchi guruh daryo o‘zanlarida joylashgan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini o‘rganmoqda.
– Aytish joizki, yuqorida qayd etilgan yig‘ilish bayoniga ko‘ra, ikki oy muddatda Chirchiq va Ohangaron daryolari o‘zanida joylashgan 64 ta, Qashqadaryo, Tanxozdaryo, Langar, Yakkabog‘daryo daryolaridagi 20 ta, Zarafshon va Qoradaryo daresida 6 ta, Namangan viloyatida Sirdaryo, Norin va Qoradaryo o‘zanida 6 ta, Surxondaryo va To‘palang daryolaridagi 4 ta litsenziyali karerlar hamda Sirdaryo viloyati hududidan oqib o‘tgan Sirdaryo daryosi o‘zanida 26 ta noqonuniy karer bo‘yicha davlat ekologik ekspertiza xulosa talablariga muvofiq qonunchilikda belgilangan tartibda litsenziyalarni bekor qilish yuzasidan zarur choralarni ko‘rish belgilangan.
Bu talabga asosan tadbirkorlik sub’ektlarida o‘tkazilayotgan tekshiruvlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonini xabardor qilish orqali amalga oshirilmoqda, – dedi Z.Ahmedova.
Ayni chog‘da ishchi guruh respublika hududidan oqib o‘tuvchi daryo o‘zanlarida joylashgan 19 ta tadbirkorlik sub’ekti faoliyatini o‘rganmoqda.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA