Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Daryo muhofazasi va ekoturizm mahalliy aholi uchun imkoniyatlar yaratadi
15:57 / 2025-11-25

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 6 martdagi “Sirdaryo viloyatida ishbilarmonlik muhiti, infratuzilma va aholi turmush darajasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga asosan Sirdaryo daryosining Sirdaryo viloyati hududidan oqib o‘tgan qismida o‘zanlarda to‘planib qolgan noruda materiallarni tozalash, qazib olish va qirg‘oqlarini mustahkamlashga qo‘yilgan moratoriy asosida bir qator talablar joriy etildi.

Bu talablar asosida viloyat ishchi guruhi tomonidan Sirdaryo daryosining Sirdaryo viloyati hududidan o‘tadigan qismida suv oqimlarini xavfsiz o‘tkazib yuborish nuqtai nazaridan gidrologik va gidrogeologik tadqiqotlar olib borildi. Tadqiqotlarda Sirdaryo daryosining tabiiy gidrodinamikasini saqlash va uning tubida to‘planib qolgan qum-shag‘al mahsulotlarini aniqlash uchun suvosti yerlari o‘rganildi va amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar belgilandi.

Mazkur qaror Sirdaryo viloyatida daryo o‘zanlarini muhofaza qilish, noruda materiallarini qazib olishni tartibga solish va suv oqimlarini xavfsiz yo‘lga qo‘yish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun asos yaratadi. Bu nafaqat suv resurslaridan oqilona foydalanish va ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega, balki ekoturizmni rivojlantirish va mahalliy aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Ayni tadbirlar doirasida Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimi havza boshqarmasi va tadbirkorlar tomonidan daryo sohillarida daraxtzor polosalari barpo etilishi, qum-shag‘al materiallarini tekislash va ekoturizm infratuzilmasini yaratish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda.

–   Daryo sohasini muhofaza qilish nafaqat suv resurslarini saqlashga, balki ekoturizm orqali mahalliy aholiga yangi ish o‘rinlarini yaratish va turizm salohiyatini oshirish imkonini beradi. Daraxtzor polosalari va gidrotexnika ishlari ekologiyani muhofaza qilishda hal qiluvchi ahamiyatga ega,  –   deydi Havza boshqarmasi boshlig‘i Nurkamol Otaqulov.

–   Daryo hududini muhofaza qilish nafaqat suv va tabiiy resurslarni saqlashga, balki mahalliy aholi uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlarni ham ochadi,  –   deydi Sirdaryo viloyati Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Shuhrat No‘’monov.  –   Chunki daraxtzor polosalarini kengaytirish, ekoparklar va turizm infratuzilmasini yaratish orqali ekoturizmni rivojlantirish mumkin. Bu aholining tabiat bilan bog‘liq faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi va ekologik barqarorlikni ta’minlaydi.

“Yashil makon” loyihasi doirasida 2025 yil kuzi  daryo hududida manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekiladi va ularning parvarishi doimiy ravishda ta’minlanadi. Shu bilan birga, Sirdaryo tumanidagi Kamolot, Sayxunoboddagi Rabot va Gulistondagi Ahillik mahalla fuqarolar yig‘ini hududlari ekoturizmni rivojlantirish uchun tanlab olingan. Bu yerlarda ekoparklar, piknik zonalari, kemping va ovqatlanish xizmatlari tashkil etilib, mahalliy aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda.

Tegishli idoralar hamkorligida daryo hududini muhofaza qilish va noqonuniy noruda qazib olishni oldini olish maqsadida reydlar va tushuntirish ishlari ham olib borilmoqda. Huquqbuzarliklar aniqlansa, choralar ko‘riladi, jarimalar qo‘llaniladi va zarar qoplanadi.

Barcha tadbirlar Sirdaryo daryosi hududining ekologik barqarorligini saqlash va ekoturizm salohiyatini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu nafaqat tabiatni asrab-avaylashga, balki mahalliy aholi hayotini yaxshilash va iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirishga xizmat qiladi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri