Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Daromadi oshayotgan oilalar soni ko‘paymoqda
10:40 / 2024-12-13

Bugungi kunda hududlarda aholi turmush shart-sharoitini yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish borasida aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Albatta, aholi bandligini ta’minlashda yangidan-yangi tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, oilaviy tadbirkorlar safini kengaytirish, o‘zini-o‘zi band qilish orqali muntazam ravishda daromadga ega bo‘lish muhim sanaladi.

Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov hududlarda bo‘lib, mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishmoqda.  

Navbahor tumanidagi Beshrabot mahallasida istiqomat qiluvchi Doston Xojamov “Shoh Bilolbek” oilaviy korxonasini tashkil etib, sartaroshlik bilan shug‘ullanib kelmoqda.  

– Bankdan 200 million so‘m imtiyozli kredit olib, yengil konstruksiyali inshoot qurganman, – deydi tadbirkor. – Ushbu inshootda sartaroshlikni yo‘lga qo‘yib, 6 nafar mahallamiz yoshlarini ish bilan ta’minladim. Shuningdek, sartaroshlik yo‘nalishida shogirdlar tayyorlab, yoshlarga hunar o‘rgatmoqdaman.  

“Oq oltin” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Bibiqiz Husanova esa tomorqasida issiqxona tashkil etgan. Hozirda “Sayxunobod tajribasi” asosida 4 sotix maydonda barpo etilgan issiqxonada atirgul ko‘chatlari yetishtirilmoqda. B.Husanova atirgul yetishtirish loyihasini amalga oshirish uchun bankdan 100 million so‘m imtiyozli kredit olgan edi. Hozirda mazkur issiqxonada 3 ta ish o‘rni yaratilgan.  

– Yillar o‘tsada gullarga bo‘lgan talab kamaymagan, – deydi B.Husanova. – Ayniqsa, atirgullar doimo xaridorgir bo‘lib kelgan. Shu maqsadda atirgul savdosini kengaytirgan holda yangi ish o‘rinlari yaratib, mahsulot hajmini ko‘paytirishni rejalashtirganman.  

Tumanda oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yib, daromadini tobora oshirib borayotgan oilalardan biri Paxtakor mahallasida istiqomat qiluvchi Aziz G‘ofurov oilasidir. Bugungi kunda qulupnay yetishtirishni maqsad qilgan oila vakillari tomorqasidagi issiqxonaga 2 mingta nihol ekishgan.  

– Har bir niholdan o‘rtacha 1 kilogrammdan hosil olishni rejalashtirganman, – deydi A.G‘ofurov. – Bu 2 tonna mahsulot degani. Bir kilogramm qulupnayni o‘rtacha 15 ming so‘mdan sotganimizda ham bir mavsumda o‘rtacha 300 million so‘m daromad olamiz.  

Mahalladagi yana bir xonadon sohibi Aziz To‘raqulov esa bedana va kurka yetishtirish bilan shug‘ullanadi. U 33 million so‘m imtiyozli kredit evaziga ushbu loyihani yo‘lga qo‘ygan. Bugungi kunda 4 nafar fuqaroning bandligi ta’minlangan.  

Viloyat rahbari tadbirkorlar bilan uchrashuvlarda ularning muammo va takliflarini tinglab, loyihalarni kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, daromadlarini oshirish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.  

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri