Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Daromad mahsulot sifatiga bog‘liq
18:26 / 2014-09-11

Jizzax viloyati Do‘stlik tumanidagi “Zarbuloq” fermer xo‘jaligi paxta yetishtirishdan yaxshi daromad olib, yildan-yilga rivojlanib bormoqda. 230 gektar yerda dehqonchilik qilayotgan fermer o‘tgan yili qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishdan 105,7 million so‘m sof foyda oldi. 

Jizzax viloyati Do‘stlik tumanidagi “Zarbuloq” fermer xo‘jaligi paxta yetishtirishdan yaxshi daromad olib, yildan-yilga rivojlanib bormoqda. 230 gektar yerda dehqonchilik qilayotgan fermer o‘tgan yili qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishdan 105,7 million so‘m sof foyda oldi. 

Dehqonning daromadi yetishtirgan mahsulotining sifatiga bog‘liq. Tajribali dehqon Quvondiq Esirgapov boshchilik qilayotgan fermer xo‘jaligida barcha hosil to‘liq birinchi navlarga topshiriladi. 

– Fermerga ham, davlatimizga ham yuqori navli, tolasi sifatli paxta kerak, – deydi Q.Esirgapov. – Yuqori navli paxtaning xaridori ko‘p. Har yili Toshkentda bo‘lib o‘tadigan xalqaro paxta yarmarkasini televideniye, matbuot orqali kuzatib, paxtamizga jahon bozorida talabning ortib borayotganidan faxrlanaman. 

Xomashyoni yuqori navlarga topshirishning asosiy sharti hosilni barvaqt yetishtirib, kuzning yog‘in-sochin kunlariga qoldirmay yig‘ishtirib olishdir. Paxtamiz bu yil har qachongidan barvaqt yetildi. Davlatimiz tomonidan barcha imkoniyatlar yaratib berilayotgani, o‘g‘it, yoqilg‘i-moylash mahsulotlari, urug‘lik kabi kerakli ashyolar, bank kreditlari bilan o‘z vaqtida ta’milanayotganimiz tufayli chigit erta ekildi. G‘o‘zaga agrotexnik talablar asosida ishlov berdik. Saraton issiq kelib, g‘o‘za o‘ziga kerakli haroratni to‘liq oldi. Hosil cho‘g‘i salmoqli. Bu mavsumda ham mo‘ljaldagi hosilni to‘liq birinchi navlarga topshirishni rejalashtirganmiz.

Fermer yerdan olinayotgan daromadni avvalo yerni boyitishga, uning unumdorligini oshirishga sarflaydi. Shu maqsadda xududdagi 17 kilometr uzunlikdagi zovur hamda yopiq drenajlar tozalandi. Bu ishga boshqa fermerlar ham jalb etilib, 9,5 million so‘mlik ish bajarildi. Natijada yerning meliorativ holati yaxshilandi, ball boniteti 35 dan 63 ga ko‘tarildi. O‘rtacha hosildorlik paxtachilikda 32 sentnerga, g‘allachilikda esa 56 sentnerga yetdi.

Xo‘jalik paxtachilikdan olinayotgan daromad hisobiga texnika bazasini mustahkamlayotir. Beshta chopiq, bitta “Katon” haydov, ikkita transport traktori, shuningdek, boshqa turdagi qishloq xo‘jalik agregatlaridan samarali foydalanmoqda. Xo‘jalikda ishlayotgan 42 ishchining barchasi o‘z kasbining ustasi, mirishkor dehqon. Shuningdek, bir necha turdagi texnikani boshqarish mahoratini ham egallagan. 

Ana shu texnik va iqtisodiy imkoniyatlardan samarali foydalangan xo‘jalik jamoasi chigit ekishdan boshlab g‘o‘za parvarishigacha barcha agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirib kelmoqda. Bu yil 110 gektar maydonda paxtadan mo‘l hosil yetishtirildi. Hosilni o‘z vaqtida va sifatli yig‘ishtirib, qabul punktlariga yetkazib berish bo‘yicha puxta hozirlik ko‘rildi. O‘qariqlar ko‘milib, dala chetlari texnika yurishi uchun tekislandi. Xirmonjoylar, tosh-tarozilar taxt. Xo‘jalikning ikkita dala shiyponida terimchilarning madaniy dam olishlari uchun barcha qulayliklar yaratildi.

Dehqonning boyigani – yurtning boyigani, deb bejiz aytishmaydi. Xo‘jalik olayotgan sof foyda hisobidan qishloq infratuzilmasini rivojlantirish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, qishloq maktabi ehtiyojlariga, bolalar sportini rivojlantirishga amaliy yordam berayotir. Jumladan, o‘tgan yili ana shu maqsadlar uchun fermer xo‘jaligi tomonidan 5,5 million so‘mlik homiylik yordami ko‘rsatildi. Bu yilgi daromadning ham ma’lum qismini shunday maqsadlarga yo‘natirish rejalashtirilmoqda.