Ijtimoiy tarmoqda Qarshi davlat universiteti hududida ko‘plab daraxtlarning kesilganligi keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi.
Joriy yil 13-15 yanvar kunlari Davlat ekologiya qo‘mitasining davlat inspektorlari tomonidan joyiga chiqib o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganishlar davomida Qarshi davlat universiteti tomonidan Yagona davlat interaktiv xizmatlari portali orqali davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlarni kesish uchun uch marotaba murojaat qilinganligi, o‘z navbatida Qashqadaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan mazkur murojaatlarga rad javobi berilganligi ma’lum bo‘ldi.
Davlat ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, o‘rganishlar natijasida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan rad javobi berilganligiga qaramasdan jami 38 tup daraxt noqonuniy kesilganligi aniqlandi. Huquqbuzarlikka aloqador shaxslardan tushuntirish xatlari olindi. Mazkur qonunbuzarlik holati bo‘yicha o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar 267 543 000 so‘m miqdorida hisoblandi.
Huquqbuzarlikka oid materiallar huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etildi.
Muhayyo Toshqorayeva