Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Daraxtlarni nobud qilish bo‘yicha 21 nafar shaxs sudlangan
16:59 / 2025-11-07

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida ko‘rilgan jinoyat va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar yuzasidan sud amaliyoti umumlashtirildi.

Unga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 2024 va 2025 yilning birinchi yarmida 403 nafar shaxsga oid 220 ta ish ko‘rilgan. 393 nafar shaxsga nisbatan ko‘rilgan jinoyat ishlarining 213 tasi bo‘yicha hukm chiqarilgan bo‘lsa, 10 nafar shaxsga nisbatan 7 ish tugatilgan.

Tahlil davrida sudlar tomonidan 2 ming 737 nafar shaxsga nisbatan ekologiya sohasi bilan bog‘liq 2 ming 466 ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rilgan. 2 ming 478 nafar shaxsga nisbatan 2 ming 235 ish bo‘yicha ma’muriy jazo qo‘llanilgan bo‘lsa, 259 nafar shaxsga nisbatan 231 ish yurituvi tugatilgan.

Mazkur toifadagi huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarning yarmidan ko‘pi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari sudlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Ushbu statistik ko‘rsatkichlar mazkur hududlarda huquqbuzarliklar profilaktikasi bilan bog‘liq chora-tadbirlarni kuchaytirish lozimligini ko‘rsatmoqda.

Joriy yilning birinchi yarmida 158 nafar sudlanuvchiga oid ko‘rilgan jinoyat ishlarining deyarli yarmi, xususan 26 foizi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda 23 foizi Samarqand viloyati sudlari hisobiga to‘g‘ri kelgan.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzganligi uchun 77 nafar shaxs sudlangan. Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish bo‘yicha 21 nafar shaxs sudlangan.

Bundan tashqari, suvdan foydalanish va suv iste’moli, ov qilish va baliq ovlash, shuningdek, hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzish hamda foydali qazilmalarni ruxsatnomasiz qazib olish kabi huquqbuzarliklar sodir etilgan.

N.Abduraimova, O‘zA