Malayziya – o‘zining ajoyib tabiati va boy biologik xilma-xilligi bilan tanilgan mamlakatlardan biri. Bu yerning o‘rmonlari nafaqat ekosistema barqarorligini ta’minlashda, balki odamlarning hayotida muhim o‘rin egallashi bilan ham ahamiyatlidir. Zotan, daraxtlar va inson hayotining o‘zaro bog‘liqligi ko‘p asrlardan beri mavjud. Ular nafaqat havoni tozalaydi, balki yerning hosildorligini saqlab qolishda, iqlim muvozanatini ta’minlashda va turli jonzotlarning boshpana vazifasi sifatida ham xizmat qiladi. Alohida ta’kidlash kerak, bu yerda daraxtlar faqatgina moddiy manfaat uchun xizmat qilmagan. Malayziyaning ko‘plab daraxtlari milliy ramzlar, afsonalar va madaniy boyliklar bilan bog‘langan.
Malayziyaning o‘rmonlari: bioxilma-xillik va ekologik ahamiyat
Malayziya – tropik o‘rmonlarga ega bo‘lgan davlat. Uning umumiy maydoni taxminan 70 foizi o‘rmonlar bilan qoplangan. Tropik o‘rmonlar jahon miqyosida o‘rmon ekosistemalarining eng boy turlariga ega. Malayziyada 3000 ga yaqin daraxt turlari mavjud, ulardan har biri alohida ekosistemani yaratadi. Malayziyaning eng noyob daraxt turlaridan biri dipterokarp daraxti (Dipterocarp) bo‘lib, uning balandligi 50 metrgacha yetishi mumkin.

Malayziya o‘rmonlari dunyodagi barcha o‘rmonlarning 12 foizini tashkil etgan. Bu statistika mamlakatning o‘rmonlari qanchalik katta ekosistemani tashkil qilishi haqida tasavvur berishga yordam beradi. Ammo bugungi kunda Malayziya o‘rmonlarni saqlash borasida jiddiy muammolarga duch kelmoqda. 2000 yildan boshlab, har yili mamlakatda taxminan 140 200 gektar o‘rmon yo‘qotiladi, bu umumiy o‘rmon maydonining taxminan 0,65 foizini tashkil qiladi. Asosiy sabab esa o‘rmonlarning kesilishi va qishloq xo‘jaligi uchun yerlarning o‘zlashtirilishi, ayniqsa, palma yog‘ plantatsiyalarini yetishtirish bo‘lib qolmoqda. Natijada, mamlakatni sharqidagi Saravak shtati o‘rmonlarining 80 foizdan ortig‘i, yarimorolda esa o‘rmonlarning 60 foizdan ko‘prog‘i yo‘qotilgan.

Mamlakat palma yog‘i ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi eng yirik eksportchilardan biri bo‘lib kelingan. Bu sohadagi eksport 2022 yilda 23 milliard dollarga yetgan edi. Ammo 2024 yil avgust oyida hukumat o‘rmon hududlarida palma yog‘i plantatsiyalarini yetishtirish jarayonini to‘xtatishini e’lon qildi. Bu qaror o‘rmon ekotizimining 54 foiz darajada saqlab qolish va barqarorligini ta’minlash maqsadida qabul qilindi. Plantatsiyalarni noqonuniy ravishda kengaytirgan korxonalarga eksport qilish yoki mahsulot sotish taqiqlangan.
Bundan tashqari, yangilangan biologik xilma-xillikni saqlash dasturi doirasida Malayziya yog‘ palmasini import qiluvchi kompaniyalarga orangutanlarni muhofaza qilish va ko‘paytirish imkoniyatini ham taqdim etmoqda. Sababi, so‘nggi 20 yil ichida mamlakatda orangutanlar soni taxminan 40 foizga kamaygan, sumatran karkidonining populyatsiyasi esa deyarli butunlay yo‘qolgan. Ushbu tashabbusdan tushgan mablag‘lar hayvonlarning yashash muhitini himoya qilish va kuzatish uchun sarflanadi.
Malayziya 2050 yilga kelib uglerod balansini ta’minlashni maqsad qilgan. Hukumat ushbu maqsadga erishish uchun zarur qonunchilik choralarini ko‘rgan va qayta tiklanadigan energiya manbalarining ulushini 2025 yilgacha 31 foizga, 2035 yilgacha esa 40 foizga yetkazishni rejalashtirgan.
Ekologik muammolar, xususan, plastik chiqindilar bilan kurashish borasida Malayziya jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Chiqindilarni qayta ishlash va ularning kamaytirilishi bo‘yicha harakatlar olib borilayotgan bo‘lsa ham, katta miqdordagi chiqindilar qayta ishlash markazlari yoki tabiatga tushmoqda. Hukumat bir martalik plastik mahsulotlarni taqiqlash va qayta ishlangan materiallardan foydalanish bo‘yicha rag‘batlantiruvchi dasturlarni amalga oshirmoqda, ammo muammo dolzarbligicha qolmoqda.
Qurg‘oqchilik va daraxtlarning ahamiyati
Hozirgi kunda global iqlim o‘zgarishlari tufayli ko‘plab mamlakatlarda qurg‘oqchilik kuzatilmoqda. Malayziyada ham bu muammo diqqat markazida. Har bir daraxt qurg‘oqchilikka qarshi kurashning muhim elementi hisoblanadi, chunki ular yerni nam saqlashda katta rol o‘ynaydi. Malayziya hukumati tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar daraxtlarning yetishtirilishi suv resurslarini yaxshilashga va tabiiy ofatlarning oldini olishga ko‘maklashishini ko‘rsatdi. Malayziyada 2005 yili joriy qilingan “Forest and Wood Planting Campaign” orqali har yili 2 milliondan ortiq daraxt ekilmoqda. Bu kampaniyaning maqsadi – tabiatni tiklash va daraxtlarni himoya qilish. Misol uchun, mamlakatga 2023 yilda 50 milliondan ortiq daraxt ekildi, bu ekosistema saqlashga va qurg‘oqchilikni kamaytirishga yo‘naltirilgan tadbirlardan biri sifatida ahamiyatga ega.
Shuningdek, daraxtlar madaniy va turizm sohalarida ham ahamiyatga ega. Masalan, tropik o‘rmonlardagi ekskursiyalar, qo‘riqxonalar va tabiiy manzaralar har yili millionlab turistlarni jalb qiladi. Bu esa iqtisodiy rivojlanishga hissa qo‘shadi.
Himoya qilish bo‘yicha global va mahalliy harakatlar
Malayziyaning o‘rmonlari jahon ekologik harakatlarining muhim qismiga aylangan. Ushbu hududda dunyodagi eng katta o‘rmon majmualari mavjud bo‘lib, ularni himoya qilish va saqlash xalqaro ekologik tashkilotlarning diqqat markazida turibdi.
Buning natijasida Malayziya hukumati mahalliy va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda qator tashabbuslarni amalga oshirmoqda. Xususan, Tabiiy o‘rmonlarni himoya qilish va qayta tiklash dasturlari amalga oshirilmoqda. O‘rmon qirilishining oldini olish uchun qonunchilik kuchaytirilmoqda. Ekologik sohaga sarmoyalarni jalb qilinmoqda.
Shu bilan birga, fuqarolarning o‘rmon himoyasidagi ishtiroki ham muhim ahamiyatga ega. Masalan, Malayziyada ko‘plab ixtiyoriy guruhlar daraxt ekish va tabiatni asrash bilan shug‘ullanadi.

Malayziya daraxtlariga qarab turib katta hayotiy saboq olish mumkin. Ular sabr, muvozanat va o‘zaro bog‘liqlikni ko‘rsatib turadi. Tabiat bilan garmoniyada yashash, uni asrash va qo‘llab-quvvatlash insoniyatning eng muhim vazifalaridan biri bo‘lib qoladi.
Daraxtlar Malayziya tabiatining ajralmas qismi bo‘lib, mamlakatning biologik xilma-xilligini saqlashda muhim ahamiyatga ega. Ular nafaqat havo, suv va yerni toza qilish, balki iqtisodiy va madaniy qadriyatlarni ham saqlashda yordam beradi. Tabiatning o‘ziga xos saboqlarini anglash va daraxtlarni himoya qilish orqali biz barqaror rivojlanishga, tabiat va insonning o‘zaro munosabatlarini yaxshilashga erishamiz.
Xurshida Nosirova,
«O‘zbekiston tarixi» telekanali muxbiri.