Oltinko‘l tumanida “Daraxtlarga agrotexnik ishlov berish – mo‘l hosil garovi” mavzusida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Andijon viloyati O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi, Oltinko‘l tumani hokimligi hamkorligida “Javohir jannat bog‘i” bog‘dorchilik fermer xo‘jaligida soha mutaxassislari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari, bog‘dorchilik bilan shug‘ullanuvchi dehqonlar ishtirokida o‘tkazilgan seminarda daraxtlarga bahorgi agrotexnik ishlov berish, zararkunanda hasharotlarni zararsizlantirish borasidagi ishlarni samarali tashkil etish masalalari atroflicha muhokama etildi.

Seminarda so‘z olgan viloyat O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi boshlig‘i Abdukarim Jalilov bog‘lardan mo‘l, sifatli va toza hosil yetishtirish, viloyatning meva eksporti salohiyatini oshirish, buning uchun har bir jarayonga, xususan, bahor mavsumida daraxtlarga agrotexnik ishlov berish, zararkunandalarga qarshi kurashish masalalariga alohida e’tibor qaratish muhimligini ta’kidladi.
Amaliy seminarda mutaxassislar tomonidan toza mahsulot yetishtirishda bog‘-tokzorlarda uchraydigan zararkunandalarga qarshi kurash olib borishda eng avvalo, “bordo” suyuqligi orqali daraxtlarga ishlov berish yuqori samara berishi alohida qayd etildi.

– Mavjud bog‘imizda olma, shaftoli, nok, bog‘ qator oralarida esa poliz mahsulotlari yetishtiramiz, – deydi Oltinko‘l tumanidagi “Madiyorbek yerlari” fermer xo‘jaligi rahbari Sherali Asronov. – Seminarda bahorgi agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish yuzasidan keng ma’lumotlar oldik, ilg‘or tajribalarni o‘rgandik. Olgan bilimlarimiz bu boradagi ishlarni samarali tashkil etish, joriy yilda bog‘dan mo‘l va sifatli hosil olishimizga yordam beradi.

Seminarda ishtirokchilarni qiziqtirgan barcha savollarga agronom, o‘simliklar karantini va himoyasi inspektorlari tomonidan batafsil javoblar berildi.
Bu kabi seminarlar viloyatning barcha tumanlarida o‘tkazilmoqda.

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA.