Davlatimiz rahbarining 2022 yil 22 yanvardagi “2022 - 2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida bir qator xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, 4K–253 a yo‘l o‘tkazgich Jizzax shahridagi Islom Karimov shoh ko‘chasidan M–39 “Toshkent – Termiz” xalqaro ahamiyatga ega avtomobil yo‘liga ulanuvchi yangi yo‘nalishning 700 pogonametr uzunlikdagi yo‘l o‘tkazgichining loyiha hujjatlari “Boshtransloyiha” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ishlab chiqilib, ekspertiza xulosalari olingan. Ayni paytda Sharof Rashidov tumani hududida joylashgan “Yangi O‘zbekiston” massivi bilan Jizzax shahrini bog‘lovchi ushbu yo‘l o‘tkazgichda qurilish-montaj ishlari jadal sur’atlarda bormoqda.

Loyihaning umumiy qiymati 143 milliard 900 million so‘mni tashkil etib, ob’ektning joriy yildagi amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar uchun moliyalashtirilgan 41 milliard so‘m mablag‘ to‘liq o‘tkazib berilgan.
Ushbu M–39 xalqaro ahamiyatga ega avtomobil yo‘liga ulanuvchi yangi yo‘nalishdagi 4 kilometrlik yo‘lining qurilishida ish 3 smenada tashkil etilgan bo‘lib, ushbu ob’ektdagi qurilish-montaj va asfalt yotqazish ishlari kelgusi yilning 4-choragida yakuniga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Yo‘l o‘tkazgich va Sharof Rashidov tumani hududidan o‘tadigan avtomobil yo‘lining qurilishi ostida qolib ketish xavfi bo‘lgan daraxtlarni saqlab qolish, ularni qonun talablari doirasida boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish hamda amalga oshirilayotgan ishlarning ijtimoiy va ekologik ahamiyatini keng ommaga targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan “Jamoatchilik eshituvi”da Jizzax shahar va Sharof Rashidov tumanlari hokimlarining tegishli o‘rinbosarlari, viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi mas’ul xodimlari, Jizzax shahrining Mirzo Ulug‘bek hamda Sharof Rashidov tumanining “Katta qishloq” mahalla fuqarolar yig‘inlari faollari, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi.

“Jamoatchilik eshituvi”da qurilish ob’ekti ostiga tushgan Jizzax shahar hududida o‘sib turgan 11 tup noyob hamda Sharof Rashidov tumani hududida o‘sib turgan 256 tup tut va boshqa noyob sanalgan daraxtni boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish lozimligi taklif qilindi. Keng jamoatchilik vakillarining bu boradagi fikr-mulohazalari atroflicha o‘rganib chiqildi.

Tadbir davomida mazkur qurilish ob’ekti aholi uchun bir qator qulaylik va qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi, jumladan, “Yangi O‘zbekiston” massiviga boriladigan yo‘l salkam 15 kilometrga yaqinlashishi, yo‘llarda yuzaga keladigan avtotransport vositalari tirbandligi va boshqa muammolarni bartaraf etish, qolaversa, avtotransport vositalaridan atmosfera havosiga chiqarilayotgan zararli gazlarning kamayishiga erishish lozimligi haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari