French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Daraxtkushlikning oldini olishga qaratilgan qonun loyihasi nega qaytarildi?
13:51 / 2022-07-26

Bugun yon-atrofimizda o‘simlik dunyosi ob’ektlariga bo‘lgan tajovuzkor harakatlar, daraxtlarni noqonuniy kesish, shikastlantirish, yo‘q qilish kabi holatlar hamon kamayayotgani yo‘q. Shu bois bu kabi holatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish, shuningdek, daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarini kesishga, kundakov qilishga, shikastlantirishga, yo‘q qilishga olib keladigan loyiha hujjatlarini ishlab chiqqanlik uchun javobgarlikni belgilash nazarda tutilmoqda.

Ya’ni O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga ana shunday javobgarlikni belgilashga qaratilgan tegishli o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritilmoqda.  

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda qizg‘in muhokama etildi. 

Qonun loyihasi bilan daraxt va butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni qonunga xilof ravishda kesganlik, kundakov qilganlik, shikastlantirganlik yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazganlik uchun jarima miqdori oshirilmoqda. Xususan, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 15 baravarigacha (amalda 5-10 baravar), mansabdorlar uchun 20 baravarigacha (amalda 10-15 baravar) miqdorda jarima solish belgilanmoqda. Agar bir yil davomida ushbu holat takroran sodir etilsa, jarima miqdori yanada oshadi. 

Majlisda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari qimmatbaho daraxtlarni kesishning oldini olish borasida ko‘rilayogan chora-tadbirlar haqida to‘xtalar ekan, birgina Toshkent shahrida 400 ta qurilish bo‘layotgan jarayonlarning 280 tasi to‘xtatib turilganini ta’kidladi. Ya’ni daraxtlarga zarar yetishi mumkin bo‘lgan holatlarning barchasi joyiga borib o‘rganilayotgani, ayrim loyihalar to‘xtatib qo‘yilganini ma’lum qildi. Amalda ayrim qurilish tashkilotlari o‘z manfaatlari yo‘lida daraxtlarni quritishning turli choralarini qo‘llayotgani aytildi.  

Majlisda deputatlar qonun loyihasi yuzasidan o‘z munosabatini, fikr-mulohazalarini, ayrim jihatlar bo‘yicha e’tirozlarini bildirdi. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari xalq vakillarining savol va e’tirozlariga javob qaytarar ekan, deputatlarni qonun loyihasining mohiyatini to‘liq tushunmayotganlikda aybladi. 

Deputatlar esa bunga javoban ayrim chalkashliklar borligini, loyihani tushunarli tarzda tayyorlash kerakligini, ayrim moddalarni qayta ishlash va maromiga yetkazish bo‘yicha takliflarni bildirdilar. Deputatlar ovozi bilan qonun loyihasi mas’ul qo‘mitaga qaytarildi. 


Muhtarama Komilova, O‘zA