Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Daraxtkushlik uchun BXMning 10 baravaridan 20 baravarigacha jarima solish belgilanmoqda
16:54 / 2022-06-06

“Standartlashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi bilan davlat tashkiloti va idoralarning standartlashtirish sohasidagi vakolatlari belgilanmoqda.

Iqtisodiy sektorda davlat aralashuvini keskin qisqartirishga qaratilgan “davlat standarti” (Oʼz DSt) tushunchasidan voz kechilib, “milliy standart” (OʼzMSt)ga o‘tish hamda xalqaro talablardan kelib chiqib, milliy standartlarni ixtiyoriy asosda qo‘llash amaliyoti taklif etilmoqda. 

Ushbu qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida ko‘rib chiqildi. 

­Ta’kidlanganidek, bugungi kunda sohada 30 mingga yaqin standartlar mavjud bo‘lib, ularga rioya qilish majburiy sanaladi. Yangi tahrirdagi qonun loyihasi mazkur standartlarni 18 mingdan ortig‘ini majburiy tusdan ixtiyoriy tusga o‘tkazadi. 

Qonun loyihasi milliy standartlashtirish tizimini mazmun jihatidan xalqaro amaliyot bilan uyg‘unlashtiradi, mahsulot ishlab chiqarish sifatini oshirib, ularni tashqi bozorda raqobatbardosh bo‘lishini ta’minlaydi. 

Shuningdek, yig‘ilishda “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ham ko‘rib chiqildi. 

Mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, sanitariya va ekologik holatni yaxshilash borasida izchil ishlar olib borilmoqda. Xususan, o‘rmon bilan qoplanish darajasini 8 foizdan oshirishga katta e’tibor qaratilyapti. Shu maqsadda 2019 yilning oktyabrda daraxtlarni kesishga moratoriy e’lon qilindi. 2021 yilda moratoriyning amal qilish muddatsiz davrga uzaytirildi. 

Ammo shunga qaramay, o‘simlik dunyosiga bo‘lgan tajovuzkor harakatlar davom etmoqda. Bu esa jamoatchilikning haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Xususan, 2019 yilda 3 ming 733, 2020 yilda 7 ming 812, 2021 yilda esa 8 ming 243 tup daraxtlar noqonuniy kesilgan. 

Bunday holatlarning oldini olish, daraxt va butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni qonunga xilof ravishda kesganlik, kundakov qilganlik, shikastlantirganlik, yo‘q qilganlik yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazganlik uchun jarima miqdori oshirilmoqda. Jumladan, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 15 baravarigacha, mansabdorlar uchun yigirma baravarigacha miqdorda jarima solish belgilanmoqda. 

Fraksiya a’zolari qurilish qilayotgan davlat idoralari yoki tadbirkorga daraxt kesishga to‘g‘ri kelsa, nobud qilgan har bir daraxt uchun 10-15 ta ko‘chat ekib, uning bir necha yil parvarish qilishini qonun bilan belgilash kerakligini ta’kidladi. 

– Tabiat kushandalariga qarshi shafqatsiz kurashish kerak. Ya’ni, qonuniy shartlar qat’iy qo‘yilmas ekan, har qanday jarima daraxt kesilishini asrab qololmaydi, – dedi fraksiya a’zosi Jahongir Shirinov. 

Yig‘ilishda deputatlar tomonidan qonun loyihasini yanada takomillashtirish bo‘yicha bir qator takliflar berildi. Qonun loyihasining qabul qilinishi atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga xizmat qilishini inobatga olib, uni qo‘llab-quvvatladi.   

Fraksiya yig‘ilishida boshqa qonun loyihalari ham muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi. 

M.Komilova, O‘zA