Farg‘ona viloyati Quva tumanida ko‘chatchilik bo‘yicha katta tajriba maktabi yaratilgan. bugungi kunda millionlab ko‘chatlar mamlakatimiz hududlariga, jumladan, xorijga ham eksport qilinyapti.

Ko‘chat ko‘chirish va eksport qilish mavsumi sentyabr oyidan boshlanib aprel oyining o‘rtalariga qadar davom etadi. 2022 yilning oktyabr-dekabr oylarida qiymati 100 ming dollarga yaqin 1 million 800 mingga yaqin daraxt va gul ko‘chatlari Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkmaniston hamda Tojikiston davlatlariga eksport qilingan.

Soha mutasaddilarining ta’kidlashicha, joriy yilning yanvar-mart oylarida qiymati 255 ming dollardan ziyod bo‘lgan 5 million donadan ko‘proq mevali va manzarali ko‘chatlar hamda atirgul qalamchalari qo‘shni respublikalar, Rossiya va Germaniyaga sotilgan. Mavsum davomida umumiy qiymati 355 ming dollarga teng bo‘lgan 7 million donaga yaqin yuzlab turdagi mevali va manzarali hamda gul ko‘chatlari Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasining “Vodiy” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari tomonidan o‘z vaqtida soddalashtirilgan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazilib tezkorlik bilan eksportga yo‘naltirilishi ta’minlanmoqda.
M.Sulaymonov, O‘zA