O‘zbekiston Respublikasida daraxtlar va yashil hududlarni muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 30 dekabrdagi “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoniga muvofiq, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan qimmatbaho daraxt va buta turlarini kesishga nisbatan muddatsiz moratoriy joriy etilgan.
Shunga qaramasdan, Boyovut tumanining “Yangiobod” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida fuqaro R.L. tomonidan hech qanday ruxsatnomasiz 1 dona shumtol daraxtini noqonuniy ravishda kesish holati aniqlandi.
Mazkur qonunbuzarlik Sirdaryo viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasining davlat inspektorlari tomonidan joyida o‘rganilib, amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq huquqiy baho berildi. Aniqlangan holat yuzasidan fuqaro R. L. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 79-moddasi birinchi qismi asosida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Natijada qonunbuzarga 10 million 300 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanildi. Shuningdek, daraxt kesilishi orqali tabiatga yetkazilgan zarar 10 million 712 ming so‘m etib hisoblandi va belgilangan tartibda undirilishi ko‘zda tutilmoqda.
Qayd etilishicha, daraxtlarni kesish faqat istisno hollarda va vakolatli organlarning tegishli ruxsati asosida amalga oshirilishi mumkin.
Ekologiya qonunchiligini buzish holatlariga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishi esa o‘z navbatida fuqarolarni tabiatga nisbatan mas’uliyatli munosabatda bo‘lishga undaydi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri