Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Daraxt kesgan ma’muriy javobgarlikka tortiladi, uni qurib qolishiga sababchi bo‘lganlarchi?
12:50 / 2023-08-01

Jizzax davlat pedagogika universiteti o‘qituvchisi Kermon aka Yusupov bilan har-har zamonda uchrashib qolsak, turli mavzularda suhbatlashib, bahslashib turamiz.

Domla kuni kecha ertalab telefon qilib men so‘ragan – Aleksey Vasilevning “Most cherez Bosfor” asarini shaxsiy kutubxonasidan topganini, o‘qib chiqishim uchun berib turishini, ayni vaqtda, Jizzax shahri Sharof Rashidov shoh ko‘chasi bo‘yida joylashgan Jizzax ixtisoslashgan san’at maktabi oldida ekanini, vaqtim bo‘lsa borib olishim mumkinligini aytdi.  

– Men sizga ikki joyni ko‘rsatishim uchun 2 daqiqadan 4 daqiqa vaqtingizni ajrata olasizmi? – deb so‘radi Kermon aka, men aytilgan joyga yetib borganimda va’da qilingan kitobni menga tutqazar ekan. Roziligimni olgach, u kishi meni Jizzax ixtisoslashgan san’at maktabi bog‘i tomon boshladi.  

– Mana shu daraxtlar salkam 50 yoshda, ular yangidan ochilgan Jizzax viloyatining birinchi oliygohi – pedagogika institutining ma’muriy va o‘quv korpusi (o‘sha vaqtdagi) hamda talabalar yotoqxonasi binosi qurilayotgan payt ekilgan. Shuncha vaqt yashnab turgan daraxtlar mana endi, suv ichmayotganidan bir chetdan qurib qolyapti, – dedi Kermon aka achingancha.  

So‘ngra, yo‘lni qarama-qarshi tomonidagi 1-son ixtisoslashgan maktab-internatiga qarashli bog‘ tomon boshladi.  

– Mana bu 25-30 tup balki undan ham ko‘proqdir, qayrag‘ochlar o‘tgan yili ekilganida yam-yashil bo‘lib ko‘zni quvnatar edi, hozir esa – ularning biror tupi qolmay qovjirab qolgan. Uzr, meni shogirdlarim kutib qoldi, – deya, “Xulosa o‘zingizdan” deganidek, tez xayrlashib ishi sari ravona bo‘ldi.  

Shu yerdan deyarli har kuni o‘tarkanmanu katta yo‘ldan sal ichkariroqda bo‘lganiga ko‘zim tushmagan ekan degan o‘y bilan uyali aloqa vositam orqali bu “ajib” manzarani tasvirga tushirdim...  

...Bundan 10-15 yil muqaddam, yo‘lim tushib, Samarqand viloyatidagi qir va dashtlikda joylashgan bir qishloqqa borib qoldim. Na biror buloq, na “vodoprovod” va hatto oqava suv ham bormagan. Ammo har bir hovlida tok, o‘rik, olma, nok, yo‘l chetlarida yong‘oq, tut, chinor kabi daraxtlar yashnab turibdi.  

Har bir xonadonning qudug‘i bo‘lib, o‘zlari ham, qo‘y-mollari ham shu quduqdan suv ichishar ekan. Har tup daraxtga, katta-kichikligiga qarab, 0,5 litrdan 5 litrgacha bo‘lgan “baklashka”(suyuqlik uchun turli hajmdagi idish) larni, tag qismini kesib, chappa qilgan holda qopqog‘ini teshib daraxtlarga bog‘lab qo‘yishibdi. “Suvsiz, lalmi yerda yashillik yaratishni o‘rgatgan otalariga rahmat, shularni!” deb yuborgan edim o‘shanda.    

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan butun mamlakatimiz bo‘ylab, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish, mazkur loyiha doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish belgilangan edi. Bunday keng ko‘lamli tashabbusning amalga oshirilishi natijasida shaharlarimizdagi yashil maydonlar hududi hozirgi 8 foizdan 30 foizga oshirilishi ko‘zda tutilgan edi.  

Bu ishlar har holda Jizzax viloyatida belgilangan rejadan ortig‘i bilan bajarildi. Lekin...  

Lekin, ming afsuski, shaharning qoq markazida yuqoridagi manzaraga guvoh bo‘lib turibmiz. Ehtimol bunday holatlar, yana chiqib qolar, ammo biz xabardor bo‘lganlari shular bo‘ldi. Joriy qish sovuq keldi. Yosh nav nihollar sovuqdan muzlab, qurib qolganligi haqiqat. Lekin Jizzax viloyati ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tashabbusi bilan anomal sovuq natijasida qurib qolgan daraxt va buta ko‘chatlarini xatlovdan o‘tkazib, har tup qurigan daraxt o‘rnini 5 tupdan navnihollar bilan to‘ldirishga alohida e’tibor qaratib, bu xayrli ishni butun viloyat bo‘ylab amalga oshirayotgani haqida, joriy yilning 12 iyulida O‘zAda maqola berilgan edi.  

Ehtimol, Jizzax shahridagi 1-son ixtisoslashgan maktab-internati jamoasi qurib qolgan ko‘chatlar o‘rniga “Obodonlashtirishmi yoki ko‘kalamzorlashtirish tashkilotimi, balki, shahar hokimi kelib ko‘chat ekib berar”, deb,  Jizzax ixtisoslashgan san’at maktabi rahbariyati esa “Qachon oqava suv bersa, shunda sug‘oramiz” deb kutib o‘tirishgandir? Aks holda shu muassasalardagi, shtat belgilanib, maosh olayotgan bog‘bon yoki uning va shu kabi texnik xodimlarning ishni nazorat qiluvchi “zovxoz” (xo‘jalik ishlari mudiri) yoki barchalarini ishlari uchun javobgar bo‘lgan direktor, “Mana bu quragan ko‘chatlarni o‘rniga yangisini ekaylik” yoki “Suvsizlikdan qovjirab qolayotgan 50 yillik daraxtlarni chelaklab bo‘lsada sug‘oraylik” degan bo‘lardi-da, to‘g‘ri emasmi?!.  

O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida” bob mavjud. VIII bobning 79-moddasida: “Daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish” ni sodir etgan “fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.  

Xuddi shunday huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir etish quroli bo‘lgan ashyoni yoki ma’muriy huquqbuzarlikning bevosita ashyosini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan yigirma baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.  

Yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan yoki o‘zlariga biriktirilgan hududlarda daraxtlarni muhofaza qilish va saqlashga doir qonunchilikda belgilangan choralarni ko‘rmaganlik, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi”, deya ta’kidlangan.  

Xo‘sh, bizning toza havodan nafas olishimiz uchun kislorod ishlab chiqaruvchi, hozirgi kabi anomal issiqda soyabon bo‘luvchi daraxtlarni qurib qolishiga sababchi bo‘lgan, yuqorida ta’kidlangan: 1-son ixtisoslashgan maktab-internati hamda Jizzax ixtisoslashgan san’at maktabi rahbar va xodimlariga qonunchilikda qanday jazo qo‘llaniladi?  

Yoki boshini silab, “Siz rahbarlik qilayotgan hududdagi daraxtlar qurib qolibdi, uzr ko‘rmay qolibmiz, ruxsat bersangiz yangisini ekib, sug‘orib qo‘ysak” deb ostonasiga bosh egib boramizmi?  

 

A.QAYUMOV,  

O‘zA