Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Daraxt ekish oson, uni asrash-chi?..
11:24 / 2025-09-09

“Yashil makon” – bugun shunchaki ko‘chat ekish tadbiri emas, balki umummilliy harakat, kelajak uchun mas’uliyat ramziga aylandi. Atrof-muhit muhofazasi, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, farzandlarimizga toza, musaffo havo qoldirish – bu tashabbusning asosiy maqsadidir.

Biroq savol tug‘iladi: ko‘chat ekish oson, uni asrab-avaylab, ildiz ottirish-chi?.. Bu esa mas’uliyat va amaliy mehnatni talab qiladi. Masalan, Sirdaryo viloyatida joriy yil bahor oylarida 9 million 120 ming tup ko‘chat o‘tqazilgan bo‘lsa, 2023 yil kuzida 5 million 987 ming, 2024 yil bahorida esa rejadagi 8 million 775 ming o‘rniga amalda 9 million 70 ming daraxt ekilib, kuzda yana 5 million 283 ming ko‘chat o‘tqazildi. Bu quvonarli hol. Afsuski, ularning katta qismi qurib qoldi. Bu esa nazorat sustligi va mas’uliyat yetishmasligini ko‘rsatadi.

Viloyat Ekologiya boshqarmasining shu’ba boshlig‘i Sherzod Sultonov ta’kidlaganidek, inspektor va mutaxassislar tomonidan tushuntirish ishlari, seminar va yarmarkalar muntazam o‘tkazilmoqda. Lekin buning o‘zi kifoya qilmayapti. Oqibatda joriy yilning o‘zidayoq 166 ta yuridik shaxsga nisbatan ko‘chatlarni asramagani uchun 573 million 885 ming so‘m jarima qo‘llandi.

Guliston tumanidagi 13 ta tashkilot hududida daraxtlar suvsizlikdan qurib qolgani uchun 28 million 500 ming so‘m jarima to‘lashga to‘g‘ri keldi. Sirdaryo tumani yo‘llardan foydalanish korxonasida ham shunday holat kuzatilib, mas’ul shaxsga nisbatan katta miqdorda jarima belgilandi. Boyovut tumani tibbiyot birlashmasi hududida esa bir nechta daraxt parvarishsizlik sabab kasallanib, qurib qolgan.

Bugungi kunda mamlakatimizda davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni kesishga qarshi moratoriy amal qilmoqda. Ammo noqonuniy kesish holatlari ham yo‘q emas. Viloyatda yil boshidan buyon 76 ta shunday huquqbuzarlik aniqlanib, 1 milliard 159 million 965 ming so‘m jarima qo‘llandi. O‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar qariyb 200 million so‘mga baholandi.

Guliston shahrining Sayqal mahallasilagi ikki fuqaro 7 tup daraxtni maxsus texnika yordamida ildizi bilan sug‘urib tashlagani uchun ularga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, 99 million 850 ming so‘m undirildi. Savol tug‘iladi: biz qancha ko‘chat ekmaylik, agar uni asramasak, bundan ne naf?

Yaqin kunlarda “Yashil makon” doirasida kuzgi ko‘chat ekish tadbirlari boshlanadi. Bu jarayonda eng katta mas’uliyat – ko‘chatlarni ekilgandan keyin asrashda. Agar suv bermasak, parvarish qilmasak, mas’ul shaxs tayinlamasak,  “millionlab ko‘chat ekildi” deya maqtanishdan ne foyda?

Haqiqat shundaki, “Yashil makon”  raqamlar ortidan quvish emas. U – avlodlar uchun sog‘lom muhit yaratish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishdir.  

G‘ulom Primov,

O‘zA muxbiri