Bu yil yoz har qachongidan issiq bo‘lmoqda. Odamlar-ku, amallab jon saqlayapti. Lekin ko‘cha-ko‘yda quriyotgan nihollarga achinadi kishi. Qancha mehnat, qancha pul?!
Har yili millionlab daraxt ekamiz, deb jar solamiz-u, lekin ularning yarmini ham saqlab qololmaymiz.
Bir oy oldin Toshkent shahri va viloyatida 2021 yil kuz va 2022 yil bahor mavsumida «1 million daraxt» ekish tashabbusi qo‘llab-quvvatlangan edi. Har yili shuncha daraxt ekilsa, shahar yaqin yillarda o‘rmonga aylanadi-ku, deb ko‘pchilik xursand bo‘lgandi. Lekin yaqinda shaharda ekilgani 75 mingta daraxtdan 52 mingtadan ortig‘i qurib qolgani haqidagi xabarni o‘qib, hafsalam pir bo‘ldi. Mutaxassis buning sababini joy tanlashda xatolikka yo‘l qo‘yilgani, sug‘orish tizimi yo‘qligi bilan izohlabdi.
Menimcha, bu izohga o‘zlari ham ishonmasa kerak. Chunki Toshkentning yeriga cho‘p tiqib qo‘ysang ham ko‘karadi, degan gap bor. Faqat issiq kunlarda biroz suv berib tursa bo‘lgani. Orol dengizining qurigan sho‘r yerida daraxtlar ko‘kartirilayotgan bir paytda Toshkentda daraxtlarni saqlab qolish qiyin bo‘lyapti deyish – cho‘pchakdan boshqa narsa emas.
Xo‘sh, joy tanlashda xatolikka yo‘l qo‘yilgan ham deylik. Lekin 52 mingta daraxtning uvoli, unga ketgan xarajat, mehnat uchun kim javob beradi?
"Har bahorda shu bo‘lar takror", deganlaridek, qachongacha bu xatolik takrorlanadi? Axir bu ham xalqning peshana terisi-ku! Qurigan daraxtning har birini 15 ming so‘mdan hisoblasak (manzarali daraxtlar undan-da qimmat), 780 mln. so‘m bo‘ladi.
Har yili mamlakatimizda taxminan 140-145 million dona nihol ekilishini e’tiborga olsak, qancha mablag‘ uvol bo‘lishini hisob-kitob qilavering. Sug‘orish tizimi yo‘q ekan, suv tashuvchi mashinalar yordami bilan sug‘orish mumkin-ku!
Xo‘sh, endi nima qilish kerak? Har yili shu cho‘pchakka ishonib, o‘tiraveramizmi?
Taklifim: daraxtni kesganlarga jarima solingani kabi, daraxt ekib, parvarish qilmaganlar ham jarimaga tortilishi kerak. Ya’ni, davlatning puliga «biz shuncha ming daraxt ekdik», deb hisobot beradigan hokimiyat, obodonlashtirish boshqarmalari, tashkilotlar ekkan niholi ko‘karmasa, cho‘ntagidan jarima to‘lasin. Shundagina «joyni noto‘g‘ri tanlab qo‘yibmiz, sug‘orish tizimiga ulanmagan ekan», degan bahonalar bo‘lmaydi. Jarima to‘lasa, joy ham to‘g‘ri tanlanadi, suv ham keladi.
Odamlar ham yon-atrofi, mahallasida ekilgan nihollarga e’tiborli bo‘lib, parvarishlab tursa ham, qanchadan-qancha daraxtlarni saqlab qolgan bo‘lamiz. Ya’ni, bu «davlatniki-ku, menga nima», degan qarashdan voz kechish lozim. Kerak bo‘lsa, daraxtparvar insonlarni rag‘batlantirish kerak.
Bu borada xorijiy tajribani ham o‘rganish kerak. Masalan, Nyu-Yorkda har bir daraxt uchun personal kartochka tayyorlanarkan va u orqali daraxt to‘la nazorat qilinarkan. Har bir daraxt shahar byudjetini o‘rtacha 165 dollarga tejar ekan.
Jahongir Ziyayev,
deputat