Daniyada o‘zbek hunarmandchiligi namunalari namoyish etildi
Daniya Qirolligining Orxus shahrida o‘tkazilgan “Aarhus Festuge-2025” festivalida mamlakatimiz nomidan “O‘zbek tashabbuslari” uyushmasi a’zolari ishtirok etdi.
Shaharning markaziy maydoni va bog‘ida tashkil etilgan tadbirda “O‘zbek chodiri” mehmonlarga milliy madaniyatimiz, hunarmandchilik san’ati, kashtachilik va qadimiy naqshlarimizni keng namoyish qildi.

Unda usta-hunarmand Zulfizar Ahmedova mahorat darsini o‘tkazdi. Yosh rassom Muhsina Islombekova esa bolalar uchun qadimiy naqshlar asosida ijodiy mashg‘ulot tashkil etdi.
An’anaviy katta qozonda tayyorlangan o‘zbek palovi esa barchaga manzur bo‘lib, festival mehmonlarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Bu kabi tashabbuslar o‘zbek madaniy merosi va hunarmandchiligini jahon hamjamiyatiga keng tanitishda muhim ahamiyatga ega.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA