Bugungi davrga kelib suvni tejash, undan zamonaviy texnologiyalar yordamida oqilona foydalanish zamon talabiga aylanmoqda. Bu borada suvni boshqarish tizimlari, xususan, nasoslar o‘rnatish va samarali foydalanishning ahamiyati ortmoqda.
“O‘zeltexsanoat” uyushmasi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yili yurtimizga xorijdan qiymati 250 million AQSH dollariga teng nasoslar import qilingan. Bundan anglash mumkinki, o‘sib borayotgan iste’mol darajasi talab yanada oshishiga sabab bo‘lmoqda.

Shundan kelib chiqib mahsulotni mahalliylashtirish, yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik qilish bo‘yicha yuqori turuvchi davlat tashkilotlari mutasaddilari ishtirokida ishchi guruh tashkil etilgan.
Ishchi guruh Daniyaning yetakchi "Grundfos" kompaniyasi mutasaddilari bilan onlayn uchrashuv o‘tkazib, ushbu masalani muhokama qildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, "Grundfos", bu – global miqyosdagi dengiz va sanoat sohalariga mo‘ljallangan nasoslar, pompalar va suvni boshqarish tizimlari ishlab chiqaruvchi yirik kompaniya sanaladi. 1945 yilda Daniyada tashkil etilgan ushbu kompaniya hozirda dunyoning 55 ta davlatida faoliyat yuritadi. "Grundfos" asosan suvni tashish, tozalash va nazorat qilish tizimlarida ishlatiladigan uskunalar bilan tanilgan.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov, suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Zokir Ishpo‘latov, "O‘zeltexsanoat" uyushmasi raisi Mirziyod Yunusov, "O‘zsuvta’minot" AJ raisi Ahmad Suvonqulov, "Grundfos" kompaniyasi bosh ijrochi direktori Hamed Heyxat, mintaqaviy direktori Maykl Nielson hamda "Grundfos Uzbekistan" rahbari Farrux Salohiddinov ishtirok etdi.
Mamlakatimizda suvni boshqarishning zamonaviy texnologiyalari, nasoslar ishlab chiqarishda hamkorlikning asosiy jihatlari, loyihani amalga oshirishda davlat ko‘magi va kutilayotgan natijalar muhokama qilindi.
A.RUSTAMOV,
O‘zA