O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan yurtimizda faoliyat yuritayotgan diplomatik vakolatxonalar vakillari, elchilar, xorijiy ekspertlar hamda xalqaro tashkilotlar rahbarlari xalqimizni qizg‘in qutlayapti.
Ruminiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Daniel Kristian Chobanu ham eng ulug‘, eng aziz ayyom – mustaqillik bayrami bilan xalqimizni qutladi.
– Toshkentdagi Ruminiya elchixonasi va shaxsan o‘z nomimdan O‘zbekiston xalqini milliy bayram – O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligi e’lon qilinganligining 34 yilligi bilan samimiy tabriklayman. Bu o‘zbek xalqi erkinlikka, suverenitetga va barqaror rivojlanishga bo‘lgan intilishini ifodalovchi alohida sana hisoblanadi, – deydi elchi. – Ushbu yillar davomida O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy sohalarda ulkan yutuqlarga erishdi, xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga intilishini namoyon etdi va jahon sahnasida munosib o‘rin egalladi.
Ruminiya mamlakatlarimiz o‘rtasida shakllangan do‘stlik va o‘zaro hurmatga asoslangan munosabatni yuksak qadrlaydi. 2025 yil 6 oktyabr kuni ikki davlat diplomatik munosabatlari o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlaydi. Biz ishonamizki, ochiq muloqot, o‘zaro manfaatli loyihalar va sheriklikni rivojlantirishga bo‘lgan samimiy xohish-istaklar tufayli munosabatlarimiz kelgusida ham muvaffaqiyatli davom etadi. Ayniqsa, ta’kidlamoqchimanki, Ruminiya O‘zbekistondagi rivojlanish jarayonlari, mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va modernizatsiyani katta e’tibor bilan kuzatib bormoqda. Biz ushbu muhim yo‘lni davom ettirishda muvaffaqiyat, O‘zbekiston fuqarolariga esa farovonlik tilaymiz.
Daniel Kristian Chobanu, shuningdek xalqlarimiz oldida iqtisodiyot, ta’lim, madaniyat, turizm va shaxslararo aloqalar sohasida qo‘shma loyihalar uchun keng imkoniyatlar mavjudligini qayd etib, keyingi yillarda savdo miqdori sezilarli darajada oshganini alohida e’tirof etdi.
– Yevropa Ittifoqining a’zo davlati sifatida Ruminiya YeI va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatni rivojlantirish tarafdori bo‘lib qolaveradi. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Mustaqillik bayrami bilan yana bir bor tabriklayman. Tinchlik, farovonlik va sog‘lik salomatlik tilayman.
O‘zA muxbiri Behruz Xudoyberdiyev yozib oldi.