Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dang‘arada paxta-to‘qimachilik va g‘allachilik klasterlari rahbarlari hamda fermerlar uchun ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi
16:33 / 2023-08-21

FOTOREPORTAJ

Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida paxta terimi oldidan g‘o‘za maydonlarini defoliatsiyalash ishlarini amalga oshirish, joriy yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumini uyushqoqlik bilan tashkil etish, yetishtirilgan hosilni nest-nobud qilmasdan o‘z vaqtida va sifatli yig‘ib-terib olish, shuningdek, ochiq maydonlarga va g‘o‘za qator oralariga g‘alla ekishni o‘z vaqtida hamda sifatli o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.  

Seminarda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov,  viloyat va tumanlar sektorlari rahbarlari, qishloq xo‘jaligi sohasi mas’ullari, paxta-to‘qimachilik va g‘allachilik klasterlari rahbarlari, fermerlar hamda tegishli mutasaddilar, nuroniylar ishtirok etdi.

Tumandagi “Mulkobod” MMTP hududida joylashgan “Hamidjon-1” fermer xo‘jaligi dala maydonlarida bo‘lib o‘tgan tadbirda dastlab yuqori hosildor chigit va qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari, kimyoviy o‘g‘itlar namunalari, texnikalardan iborat qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasi ko‘zdan kechirildi. Ochiq maydonda xorijdan keltirilgan zamonaviy g‘alla ekish seyalkasi yordamida g‘alla ekish namoyish qilindi. Dastlabki terilgan paxtalar taroziga qo‘yilib, mo‘l hosil uchun duo qilindi.

Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov paxta yig‘im-terimiga kirishish oldidagi so‘nggi agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri amalga oshirish, g‘o‘za maydonlarini defoliatsiyalashni g‘o‘zaning biologik yetilganligiga qarab, o‘z muddatida va sifatli o‘tkazish, qo‘llaniladigan defoliantlarni to‘g‘ri tanlash bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.

[gallery-13195]

Viloyatda joriy yilda 77 ming gektar maydonda paxta hosili yetishtirilayotgan bo‘lib, buning uchun 14 ta tumanda 13 ta paxta-to‘qimachilik klasterlari bilan mavsum davomida amalga oshirilgan ishlar, viloyatda paxta yig‘im terimiga tayyorgarlik jarayonlari, kutilayotgan paxta hosildorligi, klasterlar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qilinishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan seminarda so‘z yuritildi.  

Shuningdek, tadbir davomida ochiq maydonlarga va g‘o‘za qator oralariga g‘alla ekishni o‘z vaqtida va sifatli tashkil etish, ekin maydonlarini fosforli va kaliyli o‘g‘itlar bilan o‘g‘itlash bo‘yicha chora-tadbirlar ham kelishib olindi.  

Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA