Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanidagi "G‘umayli" mahalla fuqarolar yig‘inida tashkil etilgan zamonaviy issiqxonada dastlabki hosil pishib yetildi.
"Ideal Mustang Plus" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 4 gektar maydonda barpo etilgan ushbu issiqxona 2021 yil yakunida qurib bitkazildi. Umumiy loyiha qiymati 27 milliard so‘m bo‘lgan majmuada yillik 600 tonna pomidor va 200 tonna bodring yetishtirish rejalashtirilgan. Hozirda dastlabki ekilgan pomidorlar hosili qizarib, pishish davriga kirgan.
Gidroponika usulidagi issiqxonada yetishtiriladigan mahsulotlar Rossiya, Qirg‘iziston va Qozog‘istonga eksport qilinishi ko‘zda tutilgan.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bu yerda bo‘lib, issiqxonani ko‘zdan kechirdi. Loyiha tashabbuskori bilan muloqotda mahsulotlar eksporti geografiyasini kengaytirish, katta salohiyatli Xitoy va Yevropa bozorlariga chiqish tadbirkorlarimiz uchun ustuvor vazifa bo‘lishi kerakligiga e’tibor qaratdi.
Farg‘ona viloyatida 2017-2021 yillar davomida 251 gektar maydonlarda issiqxonalar tashkil qilindi va umumiy maydoni 311 gektarga yetdi. Shundan, 84 gektarini gidroponik issiqxonalar tashkil etadi.
M. Sulaymonov, O‘zA