Suriya tashqi ishlar vaziri Asad Al-Shibaniy Moskvaga tashrifi chog‘ida Damashq Rossiya bilan yaqin hamkorlikni davom ettirishini ta’kidladi. Bu Bashar Al-Asad hokimiyatdan ag‘darilgandan so‘ng, yangi hukumat a’zosining RFga ilk safari bo‘ldi.
Kremlga tashrif buyurgan Al-Shibaniy prezident Vladimir Putin bilan uchrashib, Rossiyani “o‘tish davridagi adolat” jarayonida Damashqni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
RF tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Suriya xalqiga “barqarorlikni tiklash va barcha muammolarni yengib o‘tishda” yordam berishga tayyorligini bildirdi. Qolaversa, yangi hukumatning rus fuqarolari va ob’ektlarining xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rgan choralarini yuqori baholadi.
Suhbat davomida Al-Shibaniy Isroilning Suriya ichki ishlariga aralashuvini tanqid qilib, bu “ichki murosaga erishish jarayonini murakkablashtiradi” dedi.
Ma’lumki, RF Suriya qirg‘oqlarida havo va dengiz bazalarini saqlab qolmoqda hamda Damashqqa neft yetkazib berishda davom etmoqda. Muzokaralarda ikki davlat mudofaa vazirlari ham ishtirok etib, harbiy hamkorlik va Yaqin Sharqdagi vaziyatni muhokama qilishdi.
Musulmon Ziyo, O‘zA