Dam oluvchilar uchun qo‘shimcha qulaylik
Eng ulug‘, eng aziz ayyom – Mustaqillik bayramining yigirma uch yilligi arafasida Namangan viloyatida ham yangi qurilgan va rekonstruksiya qilingan obyektlar foydalanishga topshirilmoqda.
Eng ulug‘, eng aziz ayyom – Mustaqillik bayramining yigirma uch yilligi arafasida Namangan viloyatida ham yangi qurilgan va rekonstruksiya qilingan obyektlar foydalanishga topshirilmoqda.
Shifobaxsh ma’danli suvi bilan tanilgan “Chortoq” sanatoriysi keyingi yillarda tobora chiroy ochib, davolanuvchilar uchun barcha zamonaviy sharoitlar yaratilmoqda. Bayram arafasida sihatgohda davolanuvchilar uchun yanada qulaylik yaratish maqsadida yangi barpo etilgan bino foydalanishga topshirildi.
“Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi tomonidan ajratilgan 1 milliard 900 million so‘m mablag‘ evaziga sanatoriyda 600 o‘rinli oshxona hamda keng va qulay maydonchani o‘z ichiga olgan alohida bolalar xonasi barpo etildi.
– Prezidentimiz rahnamoligida aholi salomatligini muhofaza qilish va ijtimoiy himoya masalasiga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasini har qadamda ko‘rish mumkin, – deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan iqtisodchi, mehnat faxriysi Tursunali Po‘latov. – Mamlakatimizning turli hududlaridan davo istab keladigan yurtdoshlarimiz uchun bu yerdagi sharoitlarning yildan-yilga yaxshilanib, sanatoriy hududi va uning atrofi tobora ko‘rkamlashib borayotgani kishini xursand qiladi.
Sanatoriyning yangi majmuasi qurilishi bosh pudratchi “Chortoqarxitekqurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati bunyodkorlari tomonidan qisqa muddatlarda sifatli amalga oshirildi.