Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dam olishni bilamizmi?
16:41 / 2021-06-21

– Har yili yozgi ta’tilda uchastkada ishlaymiz.

– Xo‘jayinim  dam olmasdan ishlayverib, asabiylashadigan bo‘lib qoldi.

– Ta’til tugagunicha ayolimning yuzlari qorayib, so‘lg‘in tortib qoladi.

Bunday gaplarni o‘zaro gurunglarda ko‘p eshitamiz.

Ko‘pchilik ta’tilni aynan yoz paytiga to‘g‘rilab oladi. Yozda jazirama oftob tig‘ida ko‘chada yurib, ishga qatnash ba’zilarga qiyinchilik tug‘diradi.  

Mana yozning ham birinchi oyi tugab, chilla davri yaqinlashmoqda. Barchamiz yiliga bir marotaba ta’tilga chiqib, dam olish huquqiga egamiz. Ana o‘sha ta’tilni kim qanday o‘tkazadi? Dam olishni  bilamizmi?  

O‘zA muxbiri yurtdoshlarimizning ta’tilni qanday o‘tkazishlari bilan qiziqdi.

– Turmush o‘rtog‘im bir korxonada bosh hisobchi bo‘lib ishlaydi,–deydi toshkentlik Salima Qilicheva. – Ertalab soat 8 da uydan chiqib, kech soat 8 gacha ish joyida bo‘ladi. Har yili bir marotaba ta’tilga chiqadi.  Ammo uyda dam olmasdan ishga boraveradi. Dam olmasdan ishlash uning asablari, sog‘lig‘iga ta’sir qila boshladi. Yakshanba yoki bayram kunlari uyda qolsa asabiylashib, hamma bilan janjallashgisi kelaveradi. Bolalarga ham qo‘pol, qo‘rs muomalada bo‘ladi. Psixologga murojaat qilib, dardimni aytsam, agar ta’tilga chiqib dam olmasa, asablari zo‘riqib,  natijada yurakka bosim tushishi, oqibati yaxshilik bilan tugamasligin bildirdi.

Bolalar bog‘chasida mudira bo‘lib ishlab, o‘sha yerdan nafaqaga chiqqan Hamida aya rahbarlik mas’uliyati, yana ba’zi sabablarga ko‘ra oxirgi yillari muttasil ravishda ta’tilsiz ishlagan. Bora-bora kechalari kam uxlaydigan bo‘lib qolgan. Qon bosimi kasalligini orttirib olib, davolanish muolajalarini ham o‘lda-jo‘lda o‘tkazish natijasida insultning yengil formasini  boshidan o‘tkazdi.

Samarqandlik Qamariddin Tojiyev yangi imorat boshlaganiga besh yildan oshibdi. U har yili yozda ta’til  olib, bir oy uchastkada ishlaydi. Bolalarini yoniga olib, goh devor uchun g‘isht quyadi, goh hovlini tekislash uchun aravada qum tashiydi. Ayoli Mahbuba  ham yozda ta’tilga chiqib, ularga yordamlashadi.  

– Yon qo‘shnim Hamid akaga havasim keladi. Har yili yozgi ta’tilda bolalarini olib toqqa chiqib ketishadi. 15-20 kun miriqib dam olishadi. Biz esa bir yil uy qursak, bir yil to‘y qilamiz,– deydi Q.Tojiyev.– Xotinim oshxonaga kalendar osib qo‘ygan. Ta’til payti bir kun banka yopsa, 2-3 kun qishki kiyimlarni yuvib, oftobda quritib, shkafga osib qo‘yadi. Bechora ulgurmay qolmay, deb kunduzi 1-2 soat uyquni ham qizg‘anadi. Ta’til tugagunicha yuzlari qorayib, so‘lg‘in tortib qoladi. Charchaydi-da, bechora. Bu yil yashash tarzimni o‘zgartirdim. Qo‘shnimdan ibrat olib bolalarni uch kunga toqqa olib chiqdim. Dam olish oromgohidagi bir xonani ijaraga oldik. Narxi ham osmon emas, chidasa bo‘ladi. Bolalar miriqib, uch kun suvdan chiqmay cho‘milishdi. Er-xotin tiniqib uxladik. Tog‘ havosi toza bo‘lgani uchun 4-5 soat uyqu kifoya qilarkan. Oh, qaniydi bu damlar yana ko‘proq davom etsa. Afsus, uchastkaning chala qolgan qismini bitirish kerak-da!...

Shuningdek, yurtdoshlarimiz orasida ta’tilda uyoq-buyoqqa borib hordiq chiqarishni pulni behudaga  sarflash, deb biladiganlar ham bor ekan. Ayniqsa,  ayrim erkaklar bir oylik ta’tilni choyxonada o‘tkazishni maroqli hordiq deb bilishini aytishdi. Mayli qanday hordiq chiqarish har kimning o‘z ixtiyori.  Bu haqda shifokorlar nima deydi?

– O‘zining sog‘lig‘iga e’tibor beradigan odam albatta bir yilda o‘n kun miriqib dam olish uchun mablag‘ ham, vaqt ham topadi,– deydi  oliy toifali shifokor Muhabbat Quronboyeva. – Ayrim odamlar ta’tilda dam olish o‘rniga to‘y qiladi, uy quradi yoki eng zarur ishlarini shu vaqtga to‘g‘rilashadi. Dam olmasdan muttasil ishlash natijasida eng avvalo bosh miya faoliyati susayadi, ko‘rish qobiliyati buziladi. Natijada muttasil bosh og‘riq, bosh aylanishi, diqqatning buzilishi, xotiraning pasayishi odamni noqulay holatga solib qo‘yadi. Bu jahldorlik, kayfiyatning tez-tez o‘zgarishi, uyquning buzilishiga olib keladi.

Inson yaxshi hordiq chiqarganida eng avvalo uning asablari tinchlanadi, tunda uyqusi me’yorida bo‘ladi. Albatta, bosh miya faoliyati yaxshilanganidan so‘ng odamda yana mehnat qilishga ishtiyoq oshadi. Hozir hamma uzzukun kompyuterda o‘tirib ishlaydi. Kam harakat qiladi. Shu bois ko‘pincha ayrim odamlar kun davomida ko‘zlari qizarib, lanjlanib yurishadi. Imkoni boricha sihatgohga borib hordiq chiqarilsa, yanayam yaxshi. Yiliga bir marotaba dam olish insonning atrofdagi nojo‘ya ta’sir qiluvchi omillardan ozgina uzoqda bo‘lishiga, hamda uning keyingi mehnat faoliyati samarali bo‘lishiga yordam beradi.

Aslida uyimizda biror texnika asbobi buzilib qolsa, ta’mirlatamiz. Hatto minib yurgan mashinamiz ham buzilib qolmasligi uchun ta’mirlatishga kerakli mablag‘ni ayamaymiz. Ammo biz insonmiz-ku. Yiliga bir marotaba sog‘lig‘imizni tiklash uchun mablag‘imiz hamda vaqtimizni qizg‘anmaylik.  

 

Nigora Rahmonova, O‘zA