Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dam olish maskani barpo etiladi
15:29 / 2025-10-04

Yangiyer shahridagi “Janubiy Mirzacho‘l” kanalining har ikki qirg‘og‘i bo‘ylab, umumiy uzunligi 12 kilometr bo‘lgan zamonaviy dam olish va madaniy maskan barpo etiladi.

Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov ushbu hududda olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishib, loyihaning ahamiyatini ta’kidladi:

– Yangiyer aholisi uchun zamonaviy infratuzilma, dam olish va sport uchun qulay maskanlar zarur. Shu bois kanalning har ikki qirg‘og‘i bo‘ylab  zamonaviy dam olish maskanini barpo etishimiz kerak. Bu yer nafaqat shahrimiz, balki butun viloyat ahli uchun madaniy markaz bo‘lishi lozim, – dedi u.

Loyiha doirasida daraxtlar va gulzorlar aholiga soya va toza havo taqdim etadi. Gazonlar va yashil maydonlar esa estetik ko‘rinish bilan birga, dam olish imkoniyatlarini ham kengaytiradi. Dekorativ favvoralar maskanga nafosat va salqinlik bag‘ishlaydi. Yugurish va velosiped yo‘laklari sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlasa, 150 dan ortiq zamonaviy o‘rindiqlar aholining tinch dam olishi uchun xizmat qiladi.

Shuningdek, sanitariya talablariga javob beradigan yengil konstruksiyali xizmat ko‘rsatish nuqtalari, kitob o‘qish burchaklari va kichik kutubxonalar tashkil etiladi.  50 ta chiqindi qutilari va 300 ta zamonaviy yoritish chiroqlari o‘rnatiladi. Asosiy yo‘laklardan videonazorat kameralari, qutqaruv xizmati postlari o‘rin oladi.

Maskan mahalliy madaniyat va tarixni aks ettiruvchi haykallar, art-ob’ektlar va foto-zonalar bilan boyitiladi. Shu bilan birga, energiya tejavchi texnologiyalar, jumladan, 100 kilovatt quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatilib, hududning barqaror elektr ta’minoti ta’minlanadi.

Ushbu loyiha nafaqat yangi dam olish imkoniyatlarini taqdim etadi, balki tabiat bilan uyg‘unlikda sog‘lom turmush tarzi, sport, madaniyat va ta’lim uchun keng sharoit yaratishga xizmat qiladi.

Yangiyer shahar hokimi Otabek Nosirov ham loyiha ahamiyatini ta’kidlab, quyidagicha fikr bildirdi:

– Yangiyer shahri o‘zining sanoat salohiyati bilan birga aholi uchun qulay va zamonaviy dam olish infratuzilmasiga ham ega bo‘lishi zarur. Kanal bo‘yida barpo etiladigan mazkur maskan shahrimizning “yashil belbog‘i”ga aylanadi. Bu yerda nafaqat yurtimiz ahli, balki tashrif buyuruvchi mehmonlar ham tabiat bag‘rida orom olish, sport bilan shug‘ullanish va madaniy tadbirlarda ishtirok etish imkoniga ega bo‘ladi, – dedi shahar rahbari.

Shuningdek, oyiha mahalliy aholi uchun yangi ish o‘rinlarini yaratishga, shaharning turizm salohiyatini oshirishga ham xizmat qiladi. Shu bilan birga, ekologik muhit yaxshilanib, Yangiyerning  zamonaviy va obod shahar sifatida rivojlanishi ta’minlanadi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri