Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dam olish maksanlari mavsumga shay
21:00 / 2023-06-11

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Toshkent viloyati va Bo‘stonliq tumani hokimliklari tomonidan ichki turizmni rivojlantirish, yozgi dam olish mavsumi uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqinroq tanishtirish maqsadida ommaviy axborot vositalari uchun press-tur tashkillashtirildi.

Chorvoqqa Toshkentdan avtobusda...

Kuni kecha Transport vazirligi tomonidan poytaxtdan Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumaniga grafik asosida qatnovchi avtobuslar harakati yo‘lga qo‘yilgani haqida xabar berilgandi. Press-tur ishtirokchilari ushbu yo‘nalishga qo‘yilgan, zamonaviy, qulayliklarga ega avtobusda yo‘lga tushishdi. Ma’lumot uchun, avtobuslar “Mashinasozlar metro bekati – Chorvoq” yo‘nalishida har kuni uchta grafik asosida harakatlanadi. Qatnov masofasi 75 km bo‘lgan yo‘nalishda yo‘lovchilar belgilangan manzilga 1 soat 10 daqiqada yetib boradi.Avtobuslar Mashinasozlar metro bekatidansoat 7:00, 13:00 va 18:00 da jo‘naydi. Chorvoqdanesa 6:00, 11:00 va 16:00 harakatlanadi. Qatnovlar “Yutong” korxonasining avtobuslarida amalga oshirilib, yo‘l kir narxi 15 000 so‘mni tashkil etmoqda.

“Mehmon uylari” foydalanish uchun topshirildi

2022 yil 26 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan turizm sohasi sub’ektlari uchun yaratilgan shart-sharoitlarni yanada yaxshilash haqida qabul qilingan qaroriga asosan yurtimiz bo‘ylab “oilaviy mehmon uylari” faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Press-tur davomida Toshkent viloyatidagi ana shunday “mehmon uyi”ning ochilish marosimi o‘tkazilib, mas’ullar tomonidan uy egalariga faxriy yorliqlar topshirildi. Ommaviy axborot vositalari vakillari ushbu loyiha mas’ullari, mezbon uy egalari va “mehmon uy”da yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishishdi. 

Ma’lumot uchun, mehmon uyini tashkil etish faoliyati bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlik sub’ektlariga bir qancha soliq imtiyoz va preferensiyalar:

  • yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni to‘lashdan ozod qilish;
  • ijtimoiy soliqni kamaytirilgan stavkada 1 foiz miqdorida belgilash (aslida 12 foiz) haqida batafsil ma’lumot berildi.

Agar mehmon uyi tashkil etish uchun o‘z mablag‘laringiz yetarli bo‘lmasa, banklar oilaviy mehmon uylari va hostellar yagona reyestriga kiritilgan xususiy tadbirkorlar va oilaviy tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tashkil etishi (turar-joyni ta’mirlash, jihozlash) uchun bazaviy hisoblash miqdorining 300 barobarigacha miqdorda (73 500 000 so‘mgacha), besh yil muddatga, shu jumladan ikki yillik imtiyozli davr bilan kreditlar ajratmoqda.

“Chotqol bola” bolalar oromgohi 

Yoz mavsumi boshlanishi bilan mamlakatimiz bo‘ylab o‘quvchilarning yozgi ta’tillarini maroqli o‘tkazishlari uchun bolalar oromgohlari o‘z faoliyatini boshlab yuborishadi. Press-turning navbatdagi manzili Bo‘stonliq tumani Yusufxona qishlog‘ida joylashgan  “Chotqol” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi bo‘ldi. Ommaviy axborot vositalari vakillari oromgohda o‘quvchilarning ta’tilni mazmunli o‘tkazishi, salomatligini mustahkamlashi, bilim va dunyoqarashini yanada boyitishi uchun yaratilgan barcha imkoniyatlar bilan yaqindan tanishishdi.

“Chotqol” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi 500 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, malakali tibbiyot xodimlari va pedagoglar tomonidan oromgohda bolajonlarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, ta’lim-tarbiya va sog‘lomlashtirish ishlari yuqori darajada olib boriladi. Dam oluvchilarni kuniga 5 mahal sifatli oziq-ovqat va mevalar bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yilgan. Futbol, voleybol, basketbol, badiiy gimnastika, shaxmat-shashka, stol tennisi, suzish va boshqa sport turlari bilan shug‘ullanish imkoniyatiga ega.Yosh kitobxon, xorijiy tillar, musiqa, rasm va boshqa to‘garaklar mashg‘ulotlari bolalarga manzur bo‘lmoqda. 

“Humson buloq”, “Sevarsoy” va “Archazor” sog‘lomlashtirish oromgohlari

Ichki turizmni rivojlantirish maqsadida yurtimiz bo‘ylab sog‘lomlashtirish va kurort-zonalar sonini ko‘paytirish, ularning sifati va xizmat ko‘rsatish servislariga mas’ul tashkilotlar tomonidan alohida e’tibor qaratilmoqda. Ana shunday maskanlardan bo‘lgan “Humson buloq”, “Sevarsoy” sog‘lomlashtirish markazi va “Archazor” kurort-zonasi yurtdoshlarimiz va yurtimiz mehmonlarining maroqli dam olishlari uchun qulay sharoitlarga egaligi bilan ajralib turadi. Press-tur davomida jurnalistlar ushbu dam olish zonalariga tashrif buyurib, maroqli hordiq va salomatlikni mustahkamash uchun barcha zarur sharoit va qulayliklar, xizmat turlari va narxlari bilan batafsil ma’lumotga ega bo‘lishdi. Sog‘lomlashtirish oromgohlarida bir kunlik dam olish bir kishi uchun o‘rtacha – 2 mln so‘mdan 5 mln so‘mgacha tashkil etmoqda. Ushbu oromgohlarda nafaqat nafas olish tizimi kasalliklari, balki asab, allergik, yurak qon-tomir ishemiyasi kasalliklari bo‘lgan insonlar uchun ham samarali davolash xizmatlar yaratilgan bo‘lib, dam oluvchilarga maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan yuqori malakali mutaxassislar xizmat ko‘rsatadi.

Press-tur so‘nggida jurnalistlar yana o‘sha yangi yo‘nalish Toshkent-Chorvoq-Toshkentga qo‘yilgan zamonaviy avtobusda ortga qaytildi. Xulosa qilib aytilganda, dam olish maskanlari xorijiy mehmonlar, yurtdoshlarimiz va bolajonlar yozgi ta’tilni maroqli o‘tkazishlari uchun shay.

M.Turdaliyeva,

D.Ernazarov (surat), O‘zA