Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dam olish kunlarida sayyohlar oqimi ikki barobarga oshdi
11:17 / 2024-04-13

Har yili bahor kelishi bilan mamlakatimizda turizm mavsumi ham boshlanadi. Ko‘plab mahalliy va xorijlik sayyohlar havo haroratining mo‘tadillashi sababli, tarixiy maskanlar, ziyoratgohlar, diqqatga sazavor joylarni borib ko‘rishga oshiqadi.

Joriy yilgi Ramazon hayiti munosabati bilan   yurtimizda e’lon qilingan dam olish kunlari va yaratilgan sharoitlar sabab hozirgi kecha-kunduzda ko‘hna va boqiy Buxoroga tashrif buyurayotganlar soni bir necha barobarga oshganini kuzatish mumkin.

Davlatimiz rahbarining bevosita ko‘magi sabab Buxoroda ham so‘nggi yillarda turizm sohasi viloyatning drayver yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bugun bu kentga kelishni, qadim obidalardan zavq olishni istagan sayyohlar soni kun sayin ortib bormoqda. Shunga muvofiq, hududning turizm salohiyati ham so‘nggi yillarda bir necha barobarga yuksaldi. Barcha madaniy meros obyektlari qayta joziba kasb etdi. Bir vaqtning o‘zida 15 mingga yaqin mehmonni o‘z bag‘riga olishga qodir 200 ga yaqin yangi mehmonxona faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Transport, logistika xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha yangi infratuzilmaga asos solindi. Buning natijasida yaxshigina natijalar qo‘lga kiritlmoqda.

–Buxoroda 520 dan ortiq joylashtirish vositalari bevosita faoliyatini boshladi, –deydi  Buxoro viloyati turizm boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bobir To‘qsonov. –130 dan ortiq aynan turistlarga xizmat ko‘rsatuvchi turistik kompaniya faoliyat ko‘rsatmoqda. Aynan turizmga yondosh sohalarda 10 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Turistik infratuzilmalarning xizmatini oshirish evaziga bugun kunda ham sayyohlarning hududda bo‘lish muddatini uzaytiramiz, ham byudjetga soliq tushumlarini ko‘paytiramiz. Pirovard natijada yangi ish o‘rinlari yaratamiz.

Mamlakatimizda ichki turizmni rivojlantirishga katta e’tibor karatilishi barobarida yurtimizda nishonlanadigan bayramlar arafasida qo‘shimcha dam olish kunlari berilishi aholining betakror manzillarda maroqli xordiq chiqarishi uchun imkoniyatlarni kengaytirdi.  

–Biz bu yerga mehmon bo‘lib kelganmiz, – deydi farg‘onalik sayyoh Dilnora Umidova. –Biz O‘zbekiston U17-U18  milliy qizlar terma jamoasi  a’zosimiz. Dam olish kunlari  ko‘hna va boqiy Buxoroni tomosha qilgani keldik. Juda chiroyli shahar ekan. Bizga juda ham yoqdi.  

–Buxoroga kelganimizdan juda xursandmiz, –deydi fransiyalik sayyoh Fransua Esserik. –Dunyoning hech bir yerida  bo‘lmagan go‘zalliklarni ko‘rib hayratlanyapman. Zardo‘zlik, zargarlik, kashtachilik va naqqoshlik hunarlari, hunarmandchilik mahsulotlarining ta’rifiga til ojiz. Men o‘qituvchi bo‘lib ishlaganman. Boshqa mamlakatlar madaniyatini o‘rganishni yaxshi ko‘raman. Buxoroni chin dildan sevdim. Shu vaqtgacha saqlab qolingan madaniy merosingizni yana ko‘p asrlar asrab-avaylab, avlodlarga yetkazishingizni istardim.  

–Eng avvalo, Buxorodan olgan taassurotlarimni mehmonxonadan boshlasam, –deydi AQSHlik sayyoh Partxo Gosh. –Ochiq chehra bilan juda yaxshi kutib olishdi. Ayniqsa, ovqatlari mazali. Qadimiy shahar bo‘ylab sayohatimizni endi boshladik. Gidimiz yordamida obidalar va hunarmandchilik tarixi haqida ma’lumotlarga ega bo‘lyapmiz. Shuni ishonch bilan ayta olamanki, O‘zbekistonga kelib, Buxoroni ko‘rmay ketsangiz, o‘zbeklar yurtini sayohat qilmay ketgan bo‘lasiz!

–O‘zbekistonga birinchi marta 1977-yilda kelganman, –deydi avstriyalik sayyoh Helga Mayer. –O‘shanda ham katta taassurotlar bilan qaytgandim. Shundan buyon bu ertaknamo mamlakatga yana kelishni orzu qilardim. Mana nihoyat orzuim ushaldi. Yurtingizga kelishdan oldin Qozog‘iston, Qirg‘izistonga sayohat qildik. Sayohatimizning eng qiziqarli sahifasi O‘zbekiston, Buxoro bo‘ladi, deb o‘ylaymiz. Men eng go‘zal xotiralar bilan yurtimga qaytaman.

Qadim Buxoro mamlakatimizdagi yirik turizm markaziga aylanib ulgurdi. Ayniqsa, hududda turizm infratuzilmasi xalqaro darajada tashkil etilmoqda. Xorijiy sayyohlarga ko‘rsatiladigan xizmatlar orqali o‘tgan yili Buxoro viloyatida turizm xizmatlari eksporti 339,1 million AQSH dollarga yetkazildi va bu 2022-yilga nisbatan 2,4 baravarga ko‘payganini ko‘rsatyapti. Shu bilan birga, respublikamiz hududlaridan viloyatga 3 million 490 ming nafar mahalliy aholi sayyoh sifatida tashrif buyurdi. O‘tgan yili 23 ta yangi turistik tashkilot faoliyati yo‘lga qo‘yilib, hozir 142 ta turfirma ish olib bormoqda. Ushbu ishlar natijasida 2023-yilda xorijiy sayyohlar oqimi 2,5 baravarga oshganini ko‘rish mumkin. Albatta, erishilgan natijalarning barchasida soha rivoji uchun yaratilgan imkoniyatlar bosh omil bo‘lmoqda.

[gallery-16899]

Muxtasar aytadigan bo‘lsak, so‘nggi yillarda viloyatda kechayotgan o‘zgarishlar turizm imkoniyatlarini ham oshirgani bor gap. Boisi, yangilanayotgan yurtda muqaddas qadamjolar yanada obod maskanlarga aylanyapti, mehmonlarga sifatli xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari kengaymoqda. Davlat rahbarining e’tibori, bevosita ko‘magi tufayli qadim vohaning har bir hududida alohida turistik brendlar yaratish ishlari qizg‘in davom etyapti. Bu ham yurtimiz dovrug‘ining yanada kengroq yoyilishiga sabab bo‘lmoqda.

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),

O‘zA muxbirlari