“Dalmunobod” mahalla fuqarolar yig‘inida “Obod xonadon – obod ko‘cha –obod mahalla” dasturi mezonlarini joriy etish bo‘yicha ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi”ga muvofiq joriy yil sentyabr oyining dastlabki o‘n kunligida mas’ul mutasaddilardan iborat ishchi guruhlarning uyma-uy yurib o‘rganishi tufayli 275 ta xonadonda xatlov o‘tkazildi. Aholi talab va murojaatiga binoan yetmishdan oshiq muammo aniqlandi.
– Ayni paytda Dalmun, Qoraulon, Xo‘jalar, Arbobon, Qal’a qishloqlarini o‘zida birlashtirgan mahallamizda 581 ta xonadon va 922 ta oila bo‘lib, ularda istiqomat qilayotgan aholi soni 3340 nafarga yetgan, – deydi “Dalmunobod” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Shohiddin Nosirov. – Aholining 1670 nafarini 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etmoqda. Alohida toifalangan serfarzand oila 198 ta bo‘lsa, kam ta’minlangan ehtiyojmand oila soni 145 tani tashkil etmoqda. Shu qatorda boquvchisini yo‘qotgan 5 ta oila, notinch va nosog‘lom deb topilgan 3 ta oila, qolaversa, profilaktik hisobda turgan 20 nafar, chet eldan deportatsiya qilingan 5 nafar mahallladoshimiz bilan tizimli ishlarni olib bormoqdamiz. Albatta, o‘rganishlardan so‘ng hozir mavjud 194 nafar ishsiz fuqaro bandligini ta’minlash chorasi ko‘rilmoqda.
Chekka qishloq joyida tomorqa yeri mo‘may daromad manbai. Shu ma’noda hozir “Dalmunobod”da ham 581 ta oila o‘z tomorqasiga ega. Yana 30 taga yaqin xonadon issiqxona xo‘jaligini yuritmoqda. Ekin yeridan olinayotgan daromad hisobidan hovli-joylarda parvarishlanayotgan qoramol soni 500 dan ziyod va aholi og‘ilxonasidagi qo‘y-echkisi ham 3 ming boshdan kam emas. Xonadonlarda boqilayotgan parranda soni 3 ming boshdan oshmoqda. Ayni kunda o‘ndan ziyod hovlida asalarichilik, 3 ta xonadonda quyonchilik, 2 ta oilada esa baliqchilik tashkil qilingan.
Shu kabi tarmoqlarda olib borilayotgan ishlar tufayli mahalla “Temir daftari”ga kiritilgan oilalar soni 10 tagacha, “Ayollar daftari”dan o‘rin olganlar soni bulturgi 120 nafardan qayta tuzilgan ro‘yxatga ko‘ra 93 nafarga qisqargani, “Yoshlar daftari”dagi yigit-qizlar esa 38 nafardan 6 nafargacha tushgani ham erishilgan muayyan yutuqlardan, albatta.
Gap hudud infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga borib taqalar ekan, bu borada shay qilinishi zarur bo‘lgan ishlar talaygina ekani bois, dalmunobodliklar mahallasi alohida dastur asosida qayta “qad rostlamoqda”. Xususan, hududda qishloqlararo 12 kilometrdan oshiq ichki yo‘lning 4,5 kilometri ta’mirtalab ahvolda. Elektr toki ta’minotida aholi noroziligiga sabab bo‘layotgan muammo – uzilishlar ko‘pligi tarmoq texnik jihatdan nosozligi asorati hamdir. Shu bois, bugunga kelib qariyb 2 kilometr masofadagi elektr tarmog‘iga “SIP” rusumidagi yangi kabelni tortish, eskirib yaroqsiz holga kelgan 38 ta simyog‘ochni temir-beton ustunga almashtirish, yana shuncha qo‘shimcha mustahkam ustun o‘rnatish, mavjud 6 ta transformator punktidan 2 tasini ta’mirdan chiqarib, yana 2 ta transformator punktini yangidan o‘rnatish, ko‘chalarni 60 ta tungi yoritish chirog‘i bilan ta’minlash, shu qatorda, aholining toza ichimlik suviga bo‘lgan talabini inobatga olib, 6,5 kilometr masofaga vodoprovod quvurini tortish, qolaversa, hududda yig‘ilib qolgan 150 tonna atrofidagi chiqindi-axlatni tashib chiqarish kabi vazifalar ko‘ndalang turibdi.
Hozirda barcha tarmoq xizmatlari o‘z kuch va imkoniyatlaridan foydalanib, hududda tozalash-obodonlashtirish, ta’mirlash-tiklash va yangilash ishlariga safarbar qilingan. Kundalik bajarilayotgan ish shtabda muhokama qilinib, muvofiqlashtirib borilmoqda. Asosan, tabiiy gaz bilan ta’minlangan hududda eskirgan va yangilanishga muhtoj 700 metr quvur ta’mirlangan. Qolaversa, 19 ta gaz taqsimlash shoxobchasi (GRP) ta’mirtalab holdaligi barobarida gaz yetib bormagan 62 ta xonadonni suyultirilgan gaz to‘ldirilgan maishiy ballon bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
Tuman yo‘lsozlari tomonidan ko‘chalar bo‘ylab 1,5 kilometr ichki yo‘lni asfaltlashtirish, 2,8 kilometr yo‘l qismini shag‘allashtirish, qolaversa, 1,5 kilometr masofaga piyodalar yo‘lagini qurish ishlari bajarilmoqda. Darvoqe, mahalada borayotgan sa’y-harakat barobarida 9 kilometrdan ortiq suv yo‘li – ariq, latok tozalanib, 2 ta qabriston atrofi obodonlashtirilmoqda.
[gallery-13742]
Shu bilan birga, hademay zamonaviy ko‘rinish hosil qiladigan mahalla markazida aholi sayilgohi, bolalar o‘yin maydonchasi, sport maydoni, minifutbol maydonini qurib foydalanishga topshirish maqsad qilingan. Hududda 120 nafar jajji o‘g‘il-qizni o‘z bag‘riga olgan 18-son “Humo” davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti va 21-son oilaviy shifoxona punktini risoladagidek ko‘rinishga keltirib, deyarli 500 o‘quvchisiga ega 38-son umumta’lim maktabini mukammal ta’mirlash uchun takliflar ham ishlab chiqilmoqda.
Buning uchun 12 milliard so‘m atrofida mablag‘ moliyalashtirilishi lozim bo‘ladi. Qolaversa, ayni paytda Buxoro viloyati Jondor tumani “Dalmunobod” mahalla fuqarolar yig‘ini alohida ma’muriy idora binosiga muhtoj. Shu bois, yaqin oylarda bu loyiha ham ro‘yobga chiqadi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA