French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dalalarda paxta terimi boshlandi
12:22 / 2025-09-04

Bu yilgi mavsumda Buxoro tumani paxtakorlari birinchilardan bo‘lib hosilni yig‘ib-terib olishga kirishdi. “Kunji Qal’a” mahalla fuqarolar yig‘inidagi “Yangiobod” paxta qabul qilish maskani dastlabki paxta karvonini qabul qildi.

Buxoro tumani paxtakorlari bu yil 32 ming tonnaga yaqin paxta xomashyosini yig‘ib olib, katta “oq oltin” xirmoniga baraka kiritish, fermer xo‘jaliklari mehnatiga yarasha moddiy manfaatdorlikka erishish harakatida. Buning uchun har bir hudud va fermer xo‘jaligida terim otryadi a’zolarini dalaga keltirish, ular uchun dala boshida tushlik, issiq ovqat, toza ichimlik suvi, zarur mehnat sharoitlarini yaratib berish, hosilni qabul maskaniga tashish uchun yetarli texnika vositalarini shay holatga keltirishga e’tibor qaratilmoqda. 

Paxta yig‘im-terimiga kirishilgani va dastlabki hosil karvoni qabul qilingani munosabati bilan bugun “Yangiobod” paxta qabul qilish maskanida tuman rahbariyati, ilg‘or fermerlar, jamoatchilik vakillari jam bo‘ldi.  Nuroniylar “oq oltin” xirmoniga o‘z hissasini qo‘shayotgan barchaga kuch-g‘ayrat hamda barakali hosil tilab duoga qo‘l ochdi.

Shuningdek, Qorovulbozor tumani dehqonlari 5 ming 282 gektar maydonda mo‘l hosil yetishtirdi. Dehqonlar oldida turgan bugungi vazifa 15 ming tonnalik “oq oltin” xirmonini tezroq bunyod etishdan iborat. “Ark eko klaster” MCHJ hamda “Buxoro agroklaster” MCHJlarga qarashli paxta qabul qilish punktlarida paxta mavsumiga boshlanishiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi.

Tadbirda tuman hokimi, IIB boshlig‘i, hokim o‘rinbosarlari, Soliq inspeksiyasi boshlig‘i, klaster rahbarlari, fermer xo‘jaliklar rahbarlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Birinchilardan bo‘lib paxta hosilini olib kelgan fermer xo‘jaligi rahbarlari hamda traktorchilariga esdalik sovg‘alar topshirildi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.