“O‘zbekkosmos” agentligi davlat kosmik monitoringi dasturi doirasida bu yil ham may - avgust oylari davomida g‘alladan bo‘shagan yerlarda somon poyalarining noqonuniy yoqilishi bo‘yicha sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlaridan foydalangan holda tahliliy kuzatuvlar o‘tkazdi.
Unga ko‘ra, respublikaning 13 ta hududida 2 ming 436 ta holat bo‘yicha 27 ming gektardan ziyod ehtimoli yuqori bo‘lgan noqonuniy yoqib yuborilgan maydonlar aniqlangan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilda 31 ming 542 gektarni tashkil etgan edi.

Davlat kosmik monitoringi doirasida eng ko‘p dala yong‘inlari kuzatilgan hudud Toshkent viloyati deya qayd etildi. Eng past daraja Navoiy viloyatida bo‘ldi. O‘tgan 2024 yilda ham noqonuniy holatlarning ko‘pligi bo‘yicha Toshkent viloyati birinchi o‘rinda edi.
Qayd etish lozim, agentlik olib borgan tahlillarda 2024 yilda aniqlangan va bu yil ham takroriy tarzda yoqib yuborilgan hududlar ham aniqlandi. Ular Toshkent viloyatida 73 ta, Surxondaryo viloyatida 47 ta va Samarqand viloyatida 13 ta.

Yana bir ahamiyatli jihati joriy yildan “O‘zbekkosmos” agentligi dala yong‘inlarini onlayn kuzatish imkonini beruvchi yangi https://dalayongini.cmspace.uz ochiq portalini ham ishga tushirdi. Qolaversa, shu kabi salbiy holatlar bo‘yicha xabardorlikni oshirish maqsadida maxsus @UzCosmosYonginbot ham yaratildi. U orqali dala yong‘inlariga guvoh bo‘lganlar real vaqt rejimida suratlar va manzillarni agentlikka yuborishlari mumkin bo‘ldi.
Shuni eslatish lozimki, 1 gektar yer maydonida boshoqli don poyasi yoqilganida atmosfera havosiga 500 gramm azot oksidi, 379 gramm uglevodorod, 3 kg kul, 20 kg is gazi va uglerod oksidi (SO) gazi tarqaladi.
Bu esa inson organizmida sil va saraton kasalliklari kelib chiqishi, atrof-muhit ifloslanib, tuproq unumdorligi pasayishi kabi oqibatlarga olib keladi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA