Guliston tumanida bahorgi mavsumda kartoshka urug‘ini ekish, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash hamda aholini sifatli va arzon qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlashga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda. Shu maqsadda “Paxtaobod” suv iste’molchilar uyushmasi hududidagi “Murod Muxtor niyati” fermer xo‘jaligida amaliy dala seminari tashkil etildi. Unda tuman hokimi Olimjon Jo‘rayev, tuman prokurori Dilshod Sangirov, fermer xo‘jaliklari rahbarlari, agronomlar va sohaviy mutaxassislar ishtirok etishdi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan seminarda bahorda ekilgan kartoshkaning agrobiologik xususiyatlari, tuproq-iqlim sharoitiga mos navlarni tanlash, urug‘likni ekishdan oldin saralash va ishlov berish, mineral hamda organik o‘g‘itlar me’yorini to‘g‘ri belgilash, tomchilatib sug‘orish kabi suv tejamkor texnologiyalarni qo‘llash masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, fitosanitar holatni nazorat qilish, kasallik va zararkunandalarga qarshi integratsiyalashgan kurash usullarini joriy etish yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.

Ilmiy manbalarga ko‘ra, kartoshka erta bahorda, tuproq harorati 6–8°S ga yetganda ekilsa, uning ildiz tizimi barqaror rivojlanadi va vegetatsiya davri samarali kechadi. Agrotexnik tadbirlar to‘g‘ri tashkil etilganda, o‘rtacha hosildorlik gektariga 20–25 tonna, intensiv texnologiyalar qo‘llanilganda esa 30–40 tonnagacha yetishi mumkin. Hosildorlik ko‘rsatkichi avvalo sifatli urug‘lik, o‘g‘itlash me’yori, sug‘orish rejimi va parvarish ishlarining o‘z vaqtida amalga oshirilishiga bog‘liq.
Ta’kidlanganidek, o‘tgan yilda tumandagi 46 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 250 gektar yer maydonida kartoshka yetishtirilib, ichki bozorni ta’minlashga munosib hissa qo‘shilgan. Joriy yilda ham shu miqdorda — 250 gektar maydonga kartoshka ekish rejalashtirilgan. Bu orqali nafaqat tuman aholisining ehtiyojini qondirish, balki viloyat va qo‘shni hududlarga mahsulot yetkazib berish, bozorlarda narx-navo barqarorligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Tuman hokimi Olimjon Jo‘rayevning fikricha, kartoshka strategik ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsuloti bo‘lib, uni yetishtirish hajmini oshirish aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, fermer va dehqonlar daromadini ko‘paytirish, qishloq hududlarida iqtisodiy faollikni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Seminar yakunida ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, resurs tejamkor va innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish, yuqori hosildor navlardan samarali foydalanish orqali tumanda kartoshka yetishtirish samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri