O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligi maydonlaridagi qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirishni ko‘paytirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Andijon viloyati O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi hamda Fermerlar kengashi hamkorligida Andijon tumanida seminar bo‘lib o‘tdi.
“Qishloq xo‘jaligi maydonlaridagi qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘yish” mavzusidagi seminarda Andijon, Xo‘jaobod, Oltinko‘l, Izboskan, Paxtaobod, Qo‘rg‘ontepa va Jalaquduq tumanlaridagi korxonalar, fermer xo‘jaliklari rahbarlari, mutaxassislar, karantin agentligi inspektorlari, tomorqa yer egalari ishtirok etdi.

Unda Andijon viloyati O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi boshlig‘i Abdukarim Jalilov dala chetlari, kanallar, sug‘orish tarmoqlarining atroflarida, xonadonlar va ko‘p qavatli uylarning oldi hamda mahallaning ichki ko‘chalari chetlaridagi bo‘sh turgan maydonlar, aholi tomorqasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, eksportni oshirish borasidagi muhim vazifalar va berilgan imtiyozlar xususida so‘z yuritdi.

Shuningdek, mutaxassislar tomonidan Prezident qarorining mazmun-mohiyati tushuntirildi, ishtirokchilarga mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish Andijon tumanidagi “Soyibjon hamkor” fermer xo‘jaligida amalga oshirilgan ishlar misolida ko‘rsatib berildi.

Shu bilan birga, dala chetlariga eksportbop olcha (achchiq gilos), behi, bodom, uzum va boshqa hosildor nihollarni ekish tavsiya etildi. Sifatli urug‘lik va ko‘chat tanlash, parvarishlash, sug‘orish, suv tejovchi usullarni joriy etish hamda ekin va daraxtlarni turli kasallik, zararkunandalardan himoya qilish yuzasidan ma’lumotlar ham berildi.

– Seminarda qarorda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha zarur ma’lumotlar oldik, bu borada olib borilayotgan amaliy ishlarni ko‘rdik, – deydi Andijon tumanidagi “Ko‘k gumbaz” fermer xo‘jaligi rahbari Dilmurod Mamayusupov. – Bu, albatta, belgilangan ishlarni samarali tashkil etishimizga yordam beradi.

Seminar doirasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar, urug‘lik, ko‘chatlar, shuningdek, zarur jihoz va ish qurollari yetkazib berish bo‘yicha ko‘rgazmalar tashkil etildi.
Bu kabi seminarlar viloyatning qator hududlarida ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari.