Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dala chetlaridan samarali foydalanish masalasi e’tiborda
11:09 / 2025-11-14

FOTOREPORTAJ

Andijon viloyati O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi tomonidan Bo‘ston tumanidagi “Bo‘z hosildori” fermer xo‘jaligida dala chetlaridan samarali foydalanish masalalariga bag‘ishlangan navbatdagi ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda Bo‘ston, Baliqchi va Ulug‘nor tumanlaridan fermer va dehqon xo‘jaliklari vakillari, bog‘bonlar, dehqonlar, karantin inspektorlari va soha mutaxassislari ishtirok etdi. 

Viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari M.Isroilov so‘zga chiqib, Prezidentimizning 2024 yil 30 dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligi maydonlaridagi qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirishni ko‘paytirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Shu bilan birga, qarorda belgilangan vazifalar va imtiyozlar atroflicha tushuntirildi. 

Bo‘ston tumanidagi “Bo‘z hosildori” fermer xo‘jaligi seminar ishtirokchilari uchun namuna sifatida ko‘rsatildi. Paxta va g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan mazkur xo‘jalikning umumiy yer maydoni 86,4 gektarni tashkil etadi. Dala chetlariga gilos, olxo‘ri, uzum, bodom va boshqa eksportbop mevali ko‘chatlar ekilib, yuqori hosil olishga asos yaratilgan.

[gallery-26250]

Shuningdek, seminar davomida ishtirokchilarga mutaxassislar tomonidan kuzgi daraxt ekish ishlarini samarali tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Xususan, eksportbop olcha (achchiq gilos), behi, bodom, uzum va boshqa hosildor daraxt turlarini ekish, sifatli urug‘lik va ko‘chat tanlash, suv tejovchi usullarda sug‘orish hamda zararli organizmlardan muhofaza qilish bo‘yicha amaliy ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, kuz oylarining oxirida to‘qsonbosti ekinlar sifatida sarimsoq, piyoz, sabzi, turp, qizil lavlagi, ko‘katlar va boshqa turdagi sabzavotlarni ekish bo‘yicha tavsiyalar ilgari surildi. 

Zuhriddin UMURZOQOV (surat), O‘zA