Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dala chetidagi 30 gektar yer maydoniga 25 mingdan ortiq mevali daraxtlar ekish ishlari boshlandi
12:29 / 2025-02-24

Ma’lumki, davlatimiz rahbarining 2024 yil 30 dekabrda “Qishloq xo‘jaligi maydonlaridagi qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirishni ko‘paytirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, dala chetlarida, aholi tomorqalarida, xonadonlar va ko‘p qavatli uylar oldida, mahallaning ichki ko‘chalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishning yangi tartibi joriy etildi.

O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi dala chetidagi bo‘sh turgan yer maydonlarida mevali daraxtlarni ekish va eksport hajmini oshirishni tashkillashtirish bo‘yicha mas’ul etib belgilandi.

Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yil dala chetidagi 30 gektar yer maydonlariga 25 mingdan ortiq mevali daraxtlar ekish rejalashtirilgan. Poytaxtimizning Bektemir, Yangihayot, Mirzo Ulug‘bek, Yashnabod, Sergeli kabi tumanlarida Savdo yarmarkasi tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar 27 mingdan ortiq tup mevali daraxtlar jamlangan. Shulardan havo haroratini inobatga olgan holda, sovuqqa chidamli bo‘lgan mevali daraxtlarning 4 ming 200 tupi dala chetidagi yer maydonlariga o‘tqazildi.

Shuningdek, agentlikning Toshkent shahar boshqarmasi tashabbusi bilan aholi tomorqalariga, xonadonlar va ko‘p qavatli uylar oldiga, mahallaning ichki ko‘chalariga ming tupdan ortiq mevali daraxtlar ekildi. Asosan, olcha, olxo‘ri, behi, uzum, bodom, chilon jiyda, tut kabi mevali daraxtlar ekish ko‘zda tutilgan bo‘lib, jarayonlar bosqichma bosqich amalga oshirilmoqda.

Ma’lumot uchun, joriy yil oxirigacha poytaxtimizdagi dala chetlari aholi xonadonlari, ko‘p qavatli uylar oldi va mahallaning ichki ko‘chalariga 9 ming tup olcha, 5 ming tup olxo‘ri, 3 mingta behi, mingta bodom, 2 mingta chilon jiyda va 2 ming tup tut mevali daraxtlarini ekish rejalashtirilgan.

Sh.Mamaturopova, O‘zA