Qaror va ijro
Azal-azaldan bobo dehqonlarmiz har qarich yerni qadrlab, yaxshi niyatlar bilan baraka urug‘ini qadagan. Haqiqiy dehqon har bir niholdan, ko‘chatlardan barakali hosil olgan. Bunda esa mahalliy navlardan unumli foydalanish, ularning yangidan-yangi serhosil turlarini yaratish doimiy e’tiborda bo‘lgan. Ana shunday insonlar mehnati natijasida yurtimizda «xalq seleksiyasi» maktabi yaratilgan.
Bu an’ana hozir ham davom ettirilib, intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etilmoqda. Zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash mexanizmlari takomillashtirilmoqda. Natijada bozorlarimizda meva-sabzavot, kartoshka va poliz ekinlarining narxlari barqaror saqlanib qolishi bilan bir vaqtda dunyoning qator mamlakatlariga eksport qilinmoqda.
Asosiysi, ehtiyoj darajasida qishloq xo‘jaligi maydonlarining joylashuviga ko‘ra, ekinlar parvarishida fermer va dehqonlarimiz boy tajribaga ega bo‘lmoqda. Endigi vazifa nafaqat asosiy maydonlarga, balki, fermer va dehqon xo‘jaliklarining dala chetlariga ham sabzavot, poliz va boshqa turdagi ekinlarni ekish orqali daromadlarni oshirishdir.
Bu borada Prezidentimizning joriy yil 12 aprelda qabul qilingan «Qishloq xo‘jaligi korxonalari dala chetlaridagi yer maydonlarida mahsulot yetishtirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori dasturilamal bo‘lmoqda.
Unga ko‘ra, Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligiga dala chetlariga ekish uchun talab etiladigan urug‘ va ko‘chatlarni yetkazib berish va yetishtirilgan mahsulotlarni xarid qilish vazifalari yuklatildi.
Bu borada Samarqand viloyatida ham amaliy ishlar davom ettirilmoqda. Birgina o‘tgan yili agentlik orqali fermer va dehqon xo‘jaliklariga 70 tonna kartoshka urug‘i, ikki million donadan ziyodroq pomidor, bulg‘or qalampiri ko‘chatlari, uch yuz tonna mineral o‘g‘it va o‘n tonna yoqilg‘i moylash materiallari yetkazib berilgan bo‘lsa, joriy yilning shu davrigacha 65 tonna kartoshka urug‘i, o‘n ming dona olcha ko‘chati va ikki yuz kilodan ziyod oshqovoq urug‘i dala chetlariga ekish uchun yetkazib berildi. Shu barobarida yetishtirilgan mahsulotlarni xarid qilish bo‘yicha shartnomalar imzolandi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, viloyat bo‘yicha 3904 gektar dala chetiga turli xildagi urug‘ va ko‘chatlar ekish belgilanib, ishlar tizimli ravishda davom ettirilmoqda.
Qaror bilan dala chetlariga ekin ekish agrotexnikasiga amaliy yordam ko‘rsatish uchun har bir tumanga to‘rt nafardan mavsumiy agronom va ilmiy-tadqiqot institutlarining biriktirilishi sohaning yanada samara berishiga zamin yaratadi.
Sh.SAFAROV,
Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi
Samarqand viloyati bo‘limi bosh mutaxassisi