Bugun dunyodagi vaziyat, oziq-ovqat xavfsizligi har bir qarich yerdan samarali foydalanish, ko‘proq mahsulot yetishtirishni taqozo etadi. Ayniqsa, cho‘p suqsa ko‘karib barg yozadigan, yilning deyarli barcha kunlari quyoshli bo‘lgan bizning zaminimizda ham qishloq xo‘jaligi maydonlaridan unumli foydalanish, yil davomida bir necha marta hosil olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2024 yil 30 dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligi maydonlaridagi qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirishni ko‘paytirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Qarorda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarining dala chetlari hamda kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlarda hamda aholi tomorqasi, xonadonlar va ko‘p qavatli uylar oldi, mahallaning ichki ko‘chalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilishini samarali tashkil qilish va ko‘paytirish orqali mamlakatning eksport ko‘rsatkichlarini oshirish belgilangan.

– Mazkur qaror bilan dala chetlari hamda aholi tomorqasi, xonadonlar va ko‘p qavatli uylar oldi, mahallaning ichki ko‘chalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha yangi tartib joriy etildi, – deydi Samarqand viloyati o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi mas’ul xodimi Baxtigul G‘aniyeva. – Unga ko‘ra, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligiga dala chetlarida hamda aholi tomorqasi, xonadonlar va ko‘p qavatli uylar oldi, mahallaning ichki ko‘chalarida mahsulot yetishtirish, qishloq xo‘jaligi sub’ektlariga urug‘ va ko‘chatlar yetkazib berish hamda yetishtirilgan mahsulotlarni eksportga yo‘naltirishni tashkil qilish vazifasi yuklatilgan. Shuningdek, yil davomida daromadli ekinlar ekish va ularni eksport qilish uchun meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchi tadbirkorlarning talablarini o‘rganish vazifasi topshirilgan. Shundan kelib chiqib, boshqarmamiz tomonidan dala chetlaridan samarali foydalanish, suv tarmoqlari atrofidagi maydonlarda to‘qsonbosti ekinlari ekish borasida aniq vazifalar ishlab chiqildi. Joriy yilda bu borada amalga oshirilgan ishlar, ekilgan mevali daraxt ko‘chatlari xatlovdan o‘tkazilib, zarar ko‘rganlarini yangilariga almashtirish, ko‘chat va urug‘ yetishtiruvchi tadbirkorlar bilan fermer xo‘jaliklari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish choralari ko‘rildi. Dala chetlari va kanal atroflaridagi maydonlar muntazam tozalanib, bu joylarni ikkilamchi ijaraga berish tartiblari takomillashtirildi. Shu bilan birga 2026 yilda dala chetlaridagi maydonlarda qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari ekishning prognoz ko‘rsatkichlari ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, viloyatdagi 878 fermer xo‘jaligining kanal va kollektor atrofidagi jami 786 gektar maydonida ekin ekiladi, 610 ming dona mevali daraxt ko‘chati o‘tqaziladi. Ayni paytda tumanlarda dala chetlaridagi maydonlarda to‘qsonbosti ekinlarini ekish ishlari to‘liq yakunlandi va mevali daraxt ko‘chatlari o‘tqazish ishlari davom etmoqda.


Dala chetlaridan samarali foydalangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularga ichki fitosanitariya sertifikati bir yil davomida bepul beriladi. Dala chetlariga ekilgan «in-vitro» usulida yaratilgan mevali payvandtagli ko‘chatlarni sotib olish xarajatlarining 50 foizi miqdorida, biroq har bir mevali payvandtagli ko‘chatga 25 ming so‘mdan oshmagan holda Agrosanoatni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasidan belgilangan tartibda subsidiya ajratilmoqda. Agentlik xodimlari qaror bilan belgilangan boshqa imtiyoz va yengilliklar bo‘yicha fermer va tadbirkorlar, aholi o‘rtasida tushuntirish-targ‘ibot ishlarini olib bormoqda.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri