Namangan viloyatining Namangan tumanidagi “Namangan elita urug‘chilik” xo‘jaligida urug‘lik uchun ekilgan maydonlarda dala aprobatsiyasini o‘tkazish va sifatli urug‘lik jamg‘armasini shakllantirishga bag‘ishlangan ko‘rgazmali o‘kuv-seminar o‘tkazildi.
Namangan, Andijon, Farg‘ona, Toshkent va Sirdaryo viloyatlaridan kelgan paxta to‘qimachilik klaster korxonalari, qishloq xo‘jaligi boshqarmasi mas’ul mutaxassislari, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi mutasaddilari ishtirokidagi ushbu seminarda Respublika Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Teshayev Prezidentimiz huzurida tashkil etilgan paxtachilik kengashi tomonidan hududlarda mahalliy sharoitlarda yaxshi hosil berayotgan navlarni tahlil qilib, super elita va elita urug‘larini ko‘paytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, yangi navlarni yaratish, bu borada olimlar bilan ilmiy hamkorlikni yanada kuchaytirish to‘g‘risida so‘z yuritdi.

- Har yili paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarini kelgusi yilda yuqori hosilli hamda urug‘lik chigiti bilan uzluksiz ta’minlab borish maqsadida paxta ekilgan maydonlarda aprobatsiya tadbirlari o‘tkaziladi, - deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Namangan viloyati boshqarmasi mas’ul xodimi Ilhomjon Musayev. - G‘o‘za aprobatsiyasi navlarning elita va avlodli ekilgan maydonlarida navning haqiqiy nav tozaligi (navdorligi), nav aralashmalari, o‘simliklarning kasallik va zararkunandalar bilan zararlanganlik darajasi hamda kutilayotgan umumiy paxta hosili, urug‘lik paxta miqdori va undan olinishi kutilayotgan urug‘lik chigit miqdorini aniqlab berishi bilan muhim tadbir hisoblanadi.

Ta’kidlanganidek, joriy yilda Namangan viloyatida jami 63 ming 604 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlanayotgan bo‘lib, o‘tkazilgan tender tanlovlarida g‘olib chiqqan 236 fermer xo‘jaligining 6 ming 88 gektar yerida urug‘lik paxta yetishtirilmoqda. Iqlim sharoitiga mos, serhosil “Namangan-77”, “Andijon-35”, “S-6524”, “S-8295”, “Namangan-34”, “Buxoro-102” g‘o‘za navlarining yuqori avlodli urug‘liklarini olish rejalashtirilgan.

Seminarda dala sharoitida go‘za navdorligini aniqlash bo‘yicha aprobatsiya o‘tkazish va hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi, g‘o‘za navlarini to‘g‘ri joylashtirish va sifatli urug‘lik jamg‘armasini yaratishda g‘o‘za aprobatsiyasining maqsad va vazifalari, urug‘lik paxta maydonlarida dala aprobatsiyasini normativ-huquqiy xujjatlar talablari asosida o‘tkazilishini nazorat qilib borish, sog‘lom urug‘lik fondini yaratishda o‘simliklarni ximoya qilish sohasi olim va mutaxassislarining asosiy vazifalari, elita urug‘chilik xujaliklariga yuqori navdorlikka ega bo‘lgan g‘o‘za navlarining original urug‘lik materiallarini yetkazib berilishida institut va nav mualliflarining olib borayotgan ishlari, yangi yaratilayotgan va istiqbolli g‘o‘za navlarini davlat nav sinash uchastkalariga topshirish va sinov o‘tkazish tartibi, urug‘lik maydonlarida aprobatsiya ko‘riklarini o‘tkazish, navga xos bo‘lmagan g‘o‘za tuplaridan tozalash, hosilini terib olish tartibi va yaroqsiz deb topilgan maydonlardan urug‘lik paxta terishga yo‘l qo‘ymaslik haqida tushunchalar berildi.

Bundan tashqari “O‘zagroinspeksiya”ning Namangan viloyati boshqarmasi va tuman bo‘limlari, “Agrosanoat majmuida xizmatlar ko‘rsatish” davlat unitar korxonasi, “Urug‘chilikni rivojlantirish markazi” viloyat boshqarmasi hamda qator sohaga aloqador tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan aprobatsiya guruhlari e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan jihatlar haqida batafsil to‘xtalib o‘tildi.
G‘o‘za urug‘chiligi xo‘jaliklarida g‘o‘za agrotexnikasi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, aprobatsiyaning ahamiyati haqida so‘z yuritildi, urug‘lik paxta maydoniga ega fermer xo‘jalik rahbarlariga aprobatsiyani sifatli o‘tkazish bo‘yicha maslahat va tavsiyalar berildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA