French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dahshatli toshqin: Shri Lankada kamida 56 kishi halok bo‘ldi
12:31 / 2025-11-28

Hafta davomida yomg‘ir to‘xtamay yog‘ishi ortidan yuz bergan kuchli suv toshqini va ko‘chki oqibatida Shri Lanka ulkan talafot ko‘rmoqda. Eng so‘nggi ma’lumotga ko‘ra, kamida 56 kishi halok bo‘lgan, 21 kishi yo‘qolgan, minglab aholi xavfsiz hududga ko‘chirilgan.

Fojianing eng dahshatli manzarasi Badulla tumanida kechasi kuzatildi: 21 kishi tinch uyquda yotgan uyni ulkan ko‘chki bo‘lagi bosib qoldi. Ijtimoiy tarmoqqa yuklangan video lavhada butun boshli uylar oqib ketayotgani, ko‘chalar bir zumda daryoga aylangani aks etgan. Mamlakat bo‘ylab poyezd qatnovi to‘xtatilgan, asosiy avtomobil yo‘llari yopilgan.

Ayni dam ushbu orol-davlat tabiatning navbatdagi zarbasiga tayyorlanmoqda — “Ditva” nomli kuchli siklon mamlakat sharqiy qirg‘og‘i bo‘ylab harakatlanmoqda. Ob-havo idoralari ayrim hududlarda yog‘ingarchilik 200 millimetrdan ortishi mumkinligi, daryolar sathi xavfli darajada ko‘tarilishidan ogohlantirdi. Kelani daryosi oqimi bo‘ylab 48 soatlik qizil darajali ogohlantirish berilgan, xavf ostidagi hududlar ro‘yxatida poytaxt Kolombo ham bor.

Shu kungacha 44 000 dan ortiq aholi favqulodda ob-havo ta’sirida qolgan, 20 000 dan ziyod askar qutqaruv ishiga jalb etilgan. O‘quvchilarning A-level imtihoni noma’lum muddatga qoldirildi.

Shri Lanka uchun musson mavsumi odatiy bo‘lsa-da, bu galgi toshqin va ko‘chki miqyosi yillar davomida kuzatilmagan darajada og‘ir kechyapti. So‘nggi o‘n yillikdagi eng yirik toshqin 2003 yil ro‘yxatga olingan bo‘lib, o‘shanda 254 kishi halok bo‘lgan. Bugun esa orol yana sinov qarshisida. Minglab odam hayoti izdan chiqqan, tabiatning qahrli zarbasi hali yakuniga yetgani yo‘q. Aholi bir-biriga ko‘mak berib, navbatdagi to‘lqinga tayyorlanmoqda.

Musulmon Ziyo, O‘zA