Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Daholikka erishgan buyuk olim, mashhur davlat arbobi
18:01 / 2024-10-10

10 oktyabr kuni Samarqand shahrida “Mirzo Ulug‘bek: buyuk qomusiy olim va mashhur davlat arbobi” mavzusidagi xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.

Davlatimiz rahbarining shu yil 12 sentyabrdagi qaroriga ko‘ra, yurtimizda buyuk qomusiy olim va mashhur davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek tavalludining 630 yilligini keng nishonlanmoqda.

Mazkur qaror ijrosi yuzasidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi va Samarqand viloyati hokimligi tomonidan tashkil etilgan mazkur anjuman qatnashchilari dastlab Mirzo Ulug‘bek rasadxonasida bo‘lib ulug‘ alloma haykali poyiga gullar qo‘ydi.

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida konferensiyaning ochilish marosimi o‘tkazildi.  

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti B.Abduhalimov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri birinchi o‘rinbosari O.Mahkamov, Samarqand davlat universiteti rektori R.Xolmurodov va boshqalar mazkur anjumanning o‘z davrida Amir Temur va uning nabirasi Mirzo Ulug‘bek tomonidan dunyoning yirik ilm-ma’rifat markazlaridan biriga aylantirilgan Samarqandda, ulug‘ astronom olim tashkil etgan madrasai oliyaning vorisi hisoblangan Samarqand davlat universitetida tashkil etilishi chuqur ramziy ma’noga egaligini ta’kidladi.

[gallery-19690]

– Insoniyat tarixida ko‘p kashfiyotlar qilgan, o‘z ilmi bilan odamlar turmush tarzi o‘zgarishiga hissa qo‘shgan olimlar bor, lekin ularning hammasi ham daholik darajasiga ko‘tarilmagan, – deydi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti direktori, akademik Shuhrat Egamberdiyev. – Buyuk astronom Mirzo Ulug‘bek bobomiz esa dunyo ilm ahli tomonidan daho sifatida e’tirof etilgan olimlardan biriki, bundan har qancha faxrlansak arziydi. Shuning uchun bugungi xalqaro anjumanda bir qator xalqaro tashkilotlar, dunyoga mashhur nufuzli universitetlar vakillari, taniqli astronom olimlar ishtirok etmoqda. Biz mazkur konferensiyada Sharq astronomiyasida homiylik va homiylar masalasini ko‘tarmoqchimiz. Chunki o‘rta asrlarda yashab o‘tgan, ilm-fan rivoji yo‘lidagi xizmatlari jahonda e’tirof etilgan barcha ulug‘ allomalarimizning ilmiy izlanishlar bilan shug‘ullanishi uchun hukmdorlar, yirik mulkdorlar homiylik qilgan. Jumladan, Mirzo Ulug‘bekning astronomiya fanidagi kashfiyotlari, bu fan rivojidagi beqiyos xizmatlari ham o‘z davrida sohibqiron Amir Temur tomonidan yaratilgan ilmiy-ma’rifiy muhit, ilm-fan namoyondalariga ko‘rsatgan e’tibor va g‘amxo‘rligi natijasi bo‘lgan. Hatto Mirzo Ulug‘bek asarlarini Yevropada targ‘ib etishda bu kitoblarga jahongir Amir Temurning nabirasi Mirzo Ulug‘bek deb yozilgan.

Konferensiyaning ochilish marosimida Fransiyadagi Temuriy tarixi va san’atini o‘rganish assotsiatsiyasi rahbari Federik Bressand xonim onlayn ishtirok etib, u boshchiligidagi jamiyatning Yevropa davlatlari, xususan, Fransiyada Mirzo Ulug‘bek merosini o‘rganish borasida amalga oshirayotgan ishlari va kelgusi rejalari haqida ma’lumot berdi.

Mazkur assotsiatsiya tashabbusi bilan Fransiya va O‘zbekistondagi teatr aktyorlari hamkorligida yaratilgan “Mirzo Ulug‘bek” spektaklidan lavhalar namoyish etildi.

Shundan so‘ng Mirzo Ulug‘bek tavalludining 630 yilligi munosabati bilan nashr etilgan buyuk munajjimning “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” va “To‘rt ulus tarixi” nomli asarlarining bir necha tildagi yangi nashrlari taqdimoti o‘tkazildi.

Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti Sharq xalqlari fani va madaniyati tarixi  bo‘limi mudiri, yirik sharqshunos olim, “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” asari tarjimoni Ashraf Ahmedov mazkur asar va uning tarjima jarayonlari haqida gapirib berdi.  

– “Zij” Mirzo Ulug‘bekning shoh asari bo‘lib, undan keyingi fundamental bilimlar rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan, – dedi A.Ahmedov. – Mazkur asar o‘z tarkibiga ko‘ra, VIII-IX asrlarda boshlangan astronomik an’anani davom ettirsa ham ilmiy darajasi ularga nisbatan beqiyos va balanddir. Men 1974 yilda ushbu asar tarjimasi ustida ish boshlaganman. 20 yil davomida shu ish bilan shug‘ullandim. Dastlab asarni rus tiliga o‘girgan bo‘lsam, keyin o‘zbekcha tarjima qilishga muavaffaq bo‘ldim. To‘rt kitobdan iborat asar ilk bor to‘liqligicha o‘zbek tiliga tarjima qilindi. Bu bizning bebaho ilmiy boyligimizdir.

Anjuman “Sharq astronomiyasida homiylik va homiylar”, “Mirzo Ulug‘bek davrida ilmiy va ma’naviy hayot” shu’balarida  o‘z ishini davom ettirdi. Ushbu sessiyalar dasturidan Mirzo Ulug‘bekning astronomiya ilmi rivojiga qo‘shgan hissasi, yaratgan asarlariga oid so‘nggi tadqiqotlar natijalari, ilmiy yangiliklar, o‘sha davr ilmiy va madaniy hayotiga doir, shuningdek, ulug‘ alloma shogirdlarining faoliyatiga bag‘ishlangan ma’ruzalar, taqdimotlar bilan birga Sharq mamlakatlari va Yevropa davlatlarida astronomiya fani taraqqiyoti va bunda xalqaro hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

– Mirzo Ulug‘bekning “Zij”i butun dunyo astronomiyasi taraqqiyotida tub burilish yasagan asarlardan biri hisoblanadi, – deydi Istanbul universiteti professori Feza Gunergun. – Chunki unda keltirilgan jadvallar, 1018 ta yulduz harakati eng to‘g‘ri va mukammaldir. Shu bois undan o‘z davrida Yevropa mamlakatlarida, jumladan, Usmonlilar saltanatida ham keng foydalanilgan. Turk falakiyotshunosligiga bu asar juda katta ta’sir ko‘rsatgan. Ayniqsa, Mirzo Ulug‘bek madrasasi va rasadxonasida faoliyat olib borgan, uning sevimli shogirdlaridan bo‘lgan Ali Qushchining Ulug‘bek vafotidan so‘ng Turkiyaga ketib, u yerda ilm-fan bilan shug‘ullanishi, ustozi asarlarini targ‘ib etishi bizda bu fan rivojida muhim o‘rin tutadi. Konferensiyaga ayni shu mavzudagi ma’ruza bilan ishtirok etyapman.

Xalqaro anjuman 11 oktyabr kuni davom etadi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari