Mamlakatimizda har yili 6 iyun - Aleksandr Sergeyevich Pushkin tavallud topgan kun keng nishonlanadi.
Poytaxtimizdagi Pushkin haykali joylashgan maydonda bu yil ham taniqli rus shoiri Aleksandr Pushkin tavalludining 222 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi, Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi jamoalari hamda taniqli ijodkorlar, adabiyotshunoslar, san’atkorlar, keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Tadbirni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid ochdi.

– Rus adabiyotida Pushkin siymosi alohida o‘rin tutadi, – deydi O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid. – Shunisi ahamiyatliki, bir umr ozodlik va hurlikni, mehr va muhabbat, yuksak insoniy tuyg‘ularni kuylagan shoir rus xalqi uchun qanchalar sevimli bo‘lsa, o‘zbek kitobxoni uchun ham shunchalar ardoqlidir. Balki, bu uning she’riyatidagi yuksak badiiyat, ko‘ngil ozodligi, yoniq muhabbat, pokiza iztiroblar, teran ma’nolar, g‘arbona ohanglar ostidagi sharqona ruh, hikmat sadolarining sezilib turishi bilan bog‘liqdir.
So‘zga chiqqanlar Pushkinning dunyo adabiyotiga qo‘shgan hissasi haqida atroflicha ma’lumotlar berdi. Taniqli shoirlar Pushkin ijodidan yangi tarjimalarni o‘qib eshittirdi. Yosh ijodkorlar shoir she’rlaridan namunalarni o‘zbek va rus tillarida o‘qidi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustambek Qurbonov mamlakatimizda turli millat va elat vakillari ahil-inoq yashayotgani, ularning milliy bayram hamda marosimlari nishonlanayotgani davlatimiz tomonidan olib borilayotgan insonparvar siyosat ifodasi ekanini alohida ta’kidladi.

Ko‘plab qardosh adabiyotlar qatori XX asr o‘zbek adabiyotining taraqqiyotida Pushkin ijodining ta’siri sezilarlidir. Xususan, uning ko‘plab asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan. Masalan, “Boris Godunov”, “Dubrovskiy”, “Kavkaz asiri” Cho‘lpon tomonidan (1936-37), “Yevgeniy Onegin” Oybek tomonidan (1937), “Boqchasaroy fontani” Usmon Nosir tomonidan (1937), “Kapitan qizi” Abdulla Qahhor tomonidan (1939), “Ruslan va Lyudmila” Mirtemir tomonidan (1948) o‘zbek tiliga o‘girilgan.
bugungi kunda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari – Mirzo Kenjabek, Minhojiddin Mirzo, Humoyun Akbar singari ijodkorlar Pushkin ijodidan tarjimalar qilmoqda. 2020 yili Pushkinning shu paytga qadar tarjima qilinmagan asarlari Humoyun Akbar tomonidan tarjima qilinib, kitob holida chop etildi.
bugungi kunda davlatimiz rahbari tavsiyasi bilan O‘zbekistonda “Rus adabiyoti durdonalari” nomli 100 jildlik asarlar majmuasi chop etilmoqda. Majmuaning dastlabki ikki jildi Pushkin ijodiga bag‘ishlangan. Ularning birinchi jildiga shoirning she’rlari, ikkinchi jildiga esa nasriy asarlari kiritilgan.

O‘zbek va rus xalqlari o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashda adabiyot va san’atning alohida o‘rni bor. Rossiyaliklar o‘zbek allomalari, shoirlarini yaxshi biladi, O‘zbekistonda rus tili hamda adabiyoti o‘rganiladi. Moskva shahrida Alisher Navoiyga, Toshkentda Aleksandr Pushkinga haykal o‘rnatilgan.
Rossiya Federatsiyasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Oleg Malginov, Rus milliy madaniyat markazi rahbari Sergey Mironov va boshqalar yoshlarni umumbashariy ruhda tarbiyalash, jamiyatda ahillik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashda adabiyot muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Pushkin asarlari Cho‘lpon, Usmon Nosir, Hamid Olimjon, Zulfiya, Abdulla Qahhor, Mirtemir singari taniqli shoir va adiblar tomonidan o‘zbek tiliga mohirona o‘girilganligi va ular o‘zbek adabiyotining durdonasiga aylangani e’tirof etildi.
Tadbir ishtirokchilari buyuk shoir haykali poyiga gullar qo‘ydi.
N.Usmonova,
O‘zA