O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bilan hamkorlikda hazrat Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud sanalari munosabati bilan navbatdagi “Kitobxon onalar” dasturi doirasida “Navoiy va Bobur ijodida ayol, ona, oila” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktorining o‘rinbosari Nasiba Xoldorova buyuk bobokalonlarimizning adabiy meroslarini keng targ‘ib etish maqsadida kutubxona fondlaridagi ma’rifiy manbalar keng kitobxonlar ommasiga taqdim etilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi fondlarida ikki buyuk shoir ijodiga oid resurslar va ularni zamonaviy kitobxonlarga taqdim etish jarayoni haqida batafsil gapirdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, «Ma’naviy-ma’rifiy ishlar a’lochisi» ko‘krak nishoni sohibasi Gulchehra Shahobiddin qizi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti yetakchi ilmiy xodimi, filologiya fanlari nomzodi Burobiya Rajabova, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i, “Shuhrat” medali sohibasi Guljamol Asqarova va boshqalar Nizomiddin Mir Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning hayot yo‘li, boy ijodiy merosi haqida ma’ruza qildi.


Tadbir Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va tumanlar AKM mutaxassislari uchun ham Zoom platformasida tashkil etildi.
Anjuman doirasida buyuk shoir bobokalonlarimiz Alisher Navoiy hamda davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur asarlariga oid ko‘rgazma tashkil etildi. Undan ikki daho ijodi va faoliyatiga bag‘ishlangan qo‘lyozma va zamonaviy usulda nashr etilgan kitoblar o‘rin olgan.
N.Usmonova, O‘zA muxbiri