Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Dabusiya”, “Jartepa”, “Kofirqal’a” YUNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritiladi(mi)?
15:23 / 2021-02-02

Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining yaqinda o‘tkazilgan navbatdagi sessiyasida viloyat hokimining turizm va sportni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.Nurullayev “Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonun ijrosi yuzasidan viloyatda olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, bugungi kunda mazkur qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktyabrdagi “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Samarqand viloyatida 1607 ta moddiy madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatga olingan. Bu ob’ektlarning 1011 tasi respublika ahamiyatidagi,  

596 tasi mahalliy ahamiyatdagi moddiy madaniy meros ob’ektlaridir.

– Samarqand shahrining tarixiy markazi 2001 yilda YUNESKO Umumjahon merosi qo‘mitasi qarori bilan “Samarqand – madaniyatlar chorrahasi” nomi bilan umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan, – deydi B.Nurullayev. – Bu yerdagi tarixiy obidalar, madaniyat yodgorliklarini asrab-avaylash, kelgusi avlodlarga yetkazish uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Jumladan, hozirga qadar viloyat bo‘yicha 1513 moddiy madaniy meros ob’ektining davlat kadastr hujjatlari shakllantirilib, 874 tasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Bundan tashqari, Qo‘shrabot tumanida 3 ta, Jomboy, Bulung‘ur va Nurobod tumanlarida 2 tadan, Samarqand va Ishtixon tumanlarida 1 tadan jami 11 ta yangi moddiy madaniy meros ob’ektlari aniqlandi.

2019-2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi tomonidan viloyatdagi “Kofirq’ala”, “Qo‘ytepa”, “Quldortepa”, “Navbog‘tepa”, “Mingtepa”, “Sazog‘on”, “Mozorqo‘rg‘on” va “Sherozqal’a” arxeologik madaniy meros ob’ektlarida ilmiy tadqiqot ishlari amalga oshirildi. Samarqand shahridagi “Afrosiyob” arxeologik madaniy meros ob’ektida konservatsiyalash va muzeylashtirish ishlari olib borilmoqda.

Shu bilan birga, bugungi kunda viloyatdagi “Dabusiya” (Paxtachi tumani), “Jartepa”, “Sulaymontepa” (Urgut tumani) hamda “Kofirqal’a” (Samarqand tumani) arxeologik madaniy meros ko‘chmas mulk ob’ektlarini “Ipak yo‘li: Zarafshon daryosi va Qayroqum yo‘nalishi” bo‘yicha YUNESKO Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha loyiha-taklifining muhokama jarayoni bo‘lib o‘tmoqda.

Ajdodlarimizning meros obidalardan turistik ob’ekt sifatida foydalanish, ushbu maskanlarda sayyohlar uchun zarur shart-sharoit yaratish ham muhim vazifalardan hisoblanadi. Shu maqsadda viloyatdagi 735 ta moddiy madaniy meros ob’ektlariga muhofaza belgilari, 244 tasiga yo‘l ko‘rsatkichlari o‘rnatilgan.  

Viloyatdagi turizim salohiyatiga ega madaniy meros ob’ektlari, ziyoratgohlar hamda muzeylardan 13 tasida Wi-Fi va QR-kodlar, 50 ta audiogidlar va 25 tasiga sayyohlar va aholining kirishini elektron hisobga olish uchun zamonaviy turniketlar joylashtirildi.  

Shuni ham ta’kidlash lozimki, moddiy madaniy meros ob’ektlarining qo‘riqlanadigan hududlarida turli xil qurilish va xo‘jalik ishlarini olib borgan 100 ga yaqin jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan og‘zaki ogohlantirish berilgan. 20 holat bo‘yicha prokuratura va sud organlariga tegishli xujjatlar yuborilib, 14 holat yuzasidan ma’muriy javobgarlik choralari ko‘rilgan. 6 holat bo‘yicha kamchiliklar joyida bartaraf etilib, ijobiy hal qilingan. Ikki holat bo‘yicha Samarqand shahri va Pastdarg‘om tumani hokimlarining qarorlari bekor qilindi.

YUNESKO Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Samarqand shahrining tarixiy markazi va uning qo‘riqlanadigan hududlarida amaldagi talablarga zid ravishda bajarilgan 251 ta yer qazish, qurilish, ta’mirlash-tiklash ishlari aniqlangan.

 

G‘.HASANOV, O‘zA