bugungi kunda dunyo olimlari "COVID-19" virusiga qarshi samarali dori vositalarini yaratish bo‘yicha bosh qotirayotgani, ilmiy-tadqiqot institutlarida ilmiy izlanishlar olib borilayotgani barchamizga ma’lum. Bu borada O‘zbekistonda ham muayyan chora-tadbirlar, hamkorlikdagi sa’y-harakatlar amalga oshirib kelinmoqda.
O‘zbekiston innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Xitoy Fanlar akademiyasi Shanxay materiya instituti, Shinjon fizika va kimyo texnika instituti, Xitoy–O‘zbekiston tibbiyot texnologik parki vakillari bilan onlayn-muloqot o‘tkazdi. Tadbirda Shanxay materiya instituti tomonidan yaratilgan "COVID-19" virusiga qarshi VV116 («remindevir») preparati haqida ushbu institut professori Shen Jingshan taqdimot o‘tkazdi va dori vositasining samaradorligi to‘g‘risida ma’lumot berdi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Xitoy olimlari tomonidan yaratilgan «remindevir» preparati hozirda in’eksiya shaklida ishlatiladigan «remdesivir» preparatining yangi shakli bo‘lib, nojo‘ya ta’sirlarining kamligi va tabletka shaklida ekanligi bilan diqqatga molik. Ayni paytda ushbu preparat klinik sinovlar o‘tkazish bosqichida bo‘lib, tadqiqotlar yakunlangach, Navoiy erkin iqtisodiy zonasida Shanxay farmakologiya instituti bilan hamkorlikda quriladigan dori preparatlari substansiyalari sintezi zavodida ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
– Navoiy viloyati Karmana tumanida qurilishi rejalashtirilayotgan farmatsevtika zavodi dori preparatlari substansiyalarining kimyoviy sintezini amalga oshiruvchi O‘zbekistondagi ilk korxona bo‘ladi, – deydi innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov. – O‘zbekistonda iqtidorli, malakali kimyogarlar ko‘p, ular shu paytgacha substansiyalar sintezini faqatgina ilmiy-tadqiqot institutlari qoshidagi laboratoriyalarda amalga oshirib kelgan, lekin bu substansiyalarning sintezi sanoat darajasiga olib chiqilmagan. Bu zavodning tashkil etilishi ilmdan kapital olish imkonini beradi, yangi ishchi o‘rinlari yaratish, raqobatbardosh yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishga sharoit yaratadi.
Muzokaralar natijasida tomonlar Navoiy viloyatida dorivor moddalar sintez qilish bo‘yicha O‘zbekiston–Xitoy tibbiyot texnologiyalari parkini yaratish loyihasini amalga oshirish ishlarini jadallashtirish bo‘yicha kelishib oldi.
Muhtarama Komilova, O‘zA