XXR sog‘liqni saqlash ishlari bo‘yicha davlat qo‘mitasi 25 dekabrdan boshlab COVID-19 epidemiyasi haqidagi kunlik ma’lumotlarni e’lon qilishni to‘xtatdi, deyiladi Sinxua agentligi e’lon qilgan xabarda.
“Endi bu haqdagi xabarlar Xitoyning kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish bo‘yicha markaz tomonidan ma’lumotlar olish va tadqiqotlar uchun e’lon qilib boriladi. Bu haqdagi xabar qo‘mitaning saytida e’lon qilingan.
Xitoy hukumati koronavirus to‘lqini eng yuqori cho‘qqisiga chiqqan bir paytda kutilmaganda yangi kasallanganlar bo‘yicha kunlik ma’lumotlarni e’lon qilishni to‘xtatib qo‘ydi.
Komissiya ushbu ma’lumotlar qancha oraliq vaqtda e’lon qilinishi haqida ham ma’lum qilmagan. Ushbu qarorga nima sabab bo‘lgani ham aytilmayapti.
So‘nggi xabarlarga qaraganda, shu kunlarda Xitoyda koronavirusning omikron varianti tarqalishi avjiga chiqmoqda. Shunga qaramay, Xitoy hukumati odamlarni testdan o‘tkazish va safar qilish bo‘yicha taqiqlarni bekor qilgan. Ko‘plab xitoyliklar hukumatning ushbu qarorini qo‘llab-quvvatlamoqda.