Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
COVID-19 virusiga qarshi vaksinalar preprintlari ishonchlimi?
18:44 / 2021-03-17

COVID-19 pandemiyasi boshlangandan so‘ng preprintlarga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshdi. Olim va tadqiqotchilar BioRxiv, MedRxiv va boshqa serverlar orqali preprint shaklidan foydalangan holda axborot almasha boshladi.

Preprint nima? Bu maxsus ochiq platforma va serverlarda birlamchi taqrizsiz joylashtiriladigan ilmiy maqola turi.

Boshqacha qilib aytganda, preprint muallifi o‘quvchilarni muayyan sohadagi kashfiyot, ishlanma va yutuqlar bilan muayyan platformada tezkor tanishtirib, ulardan fikr-mulohaza oladi.

Ilmiy ishlarni nufuzli ilmiy jurnallarda chop etishdan oldin ularni taqriz qilish jarayoni ko‘p vaqtni talab qilgani bois preprintlar tufayli ilmiy yutuqlar haqida yangi ma’lumotlarni chop etish yoki olish jarayoni sezilarli darajada tezlashadi.

COVID-19ga qarshi vaksinalarning yirik ishlab chiquvchilari The Lancet, Science, New England Journal of Medicine kabi nufuzli jurnallarga maqolani taqdim etishdan oldin uni preprintlar elektron bazalarida chop etishmoqda.

Xususan, 2020 yil 12 avgustda Rossiyaning Gam-KOVID-Vak (Sputnik V) vaksinasining ishlab chiquvchilari SlinicalTrials portalida vaksina klinik sinovlarining birinchi va ikkinchi bosqichlari oraliq natijalari bo‘yicha preprintni chop etdi.

2021 yil 2 fevralda The Lancet jurnalida rossiyalik olimlar tomonidan Sputnik V vaksinasi klinik sinovlarining uchinchi bosqichi randomlashtirilgan nazorat qilinuvchi tadqiqot oraliq natijalari haqida maqola e’lon qilindi.

Avvalroq Rospotrebnadzor olimlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, COVID-19 bo‘yicha tadqiqot natijalarining ochiqligi va foydalanish imkonini oshirish maqsadida koronavirus infeksiyasiga bag‘ishlangan ilmiy maqolalarning preprintlari bilan COVID-19 PREPRINTS portalini yaratdi. Saytga rus va ingliz tillarida preprintlarni chop etishga ruxsat beriladi. Buni ham rossiyalik, ham xorijlik olimlar, jumladan, MDH mamlakatlari va YeOII ga a’zo davlatlarning olimlari ham amalga oshirishi mumkin. Preprintni chop etish ilmiy nashrlarga tadqiqot qo‘lyozmasini yuborish bilan bir paytda amalga oshirilishi mumkin. Rospotrebnadzor portalga joylashtirishda maqolalarni dastlabki tekshiruvini kafolatlaydi.

Amerikaning Pfizer farmatsevtika kompaniyasi ham 2020 yil 10 iyulda MedRxiv portaliga SARS-CoV-2 koronavirusiga qarshi BNT162b1 vaksinasining birinchi klinik sinovlari natijalari to‘g‘risidagi preprintni joylashtirdi.

Maqolada olimlar o‘z tadqiqotlarini davom ettirishni rejalashtirayotganini aytgan. 10 dekabr kuni tibbiyot sohasidagi nufuzli ilmiy jurnal – New England Journal of Medicine da BNT162b2 vaksinasining xavfsizligi va samaradorligi haqida ishlab chiquvchilar tomonidan keyingi maqola chop etildi.

COVID-19ga qarshi ChAdOx1 nCoV-19 (AZD1222) vaksinasini Oksford universiteti bilan birgalikda ishlab chiqqan AstraZeneca Britaniya-Shvetsiya farmatsevtika kompaniyasi olimlari muntazam ravishda o‘z preparatlarining klinik sinovlari va tadqiqotlari bo‘yicha preprint va maqolalarni muntazam chop etib turadi.

Masalan, 2021 yilning 12 fevralida MedRxiv portalida e’lon qilingan preprintda vaksinaning turli aholi guruhlarida koronavirusning «janubiy Afrika» variantiga qarshi xavfsizligi va immunogenligi haqidagi ma’lumotlar berildi. Vaksinaning to‘rtta sinovi natijalari haqidagi yana bir maqola shu yilning 19 fevralida The Lancet ilmiy jurnalida chop etildi.

COVID-19ga qarshi mRNA-1273 vaksinasini ishlab chiqqan AQSHning Moderna farmatsevtika kompaniyasi 94 foizlik samaradorlikni namoyish etgan preparatning klinik sinovlari uchinchi bosqichining natijalari haqida 2021 yilning 25 yanvarida BioRxiv serverida preprint chop etdi.

O‘z navbatida, vaksinaning oldingi sinovlari bo‘yicha dastlabki hisobot o‘tgan yilning 14 iyul kuni New England Journal of Medicine jurnalida chop etilgan edi.

Xitoyning Sinovac Biotech Ltd biofarmatsevtik kompaniyasi 2020 yil 10 avgustda CoronaVac vaksinasi klinik sinovlarining ikkinchi bosqichi muvaffaqiyatli yakunlanganini e’lon qildi. MedRxiv portalida preparatning immunogenligi va xavfsizligini tasdiqlovchi tadqiqotlarning natijalari e’lon qilindi.

Keyinchalik The Lancet jurnalida klinik sinovlarning birinchi va ikkinchi bosqichlari natijalari bo‘yicha ikkita maqola e’lon qilindi (2020 yil 7 noyabrda 18-59 yoshdagi, 2021 yil 3 fevralda 60 yoshdan katta ko‘ngillilar orasida vaksinaning sinovlari haqida).

Xitoyning Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co. Ltd kompaniyasi va Xitoy fanlar akademiyasi olim va tadqiqotchilarining koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksinani ishlab chiqishdagi yutuqlari haqida ma’lumotni tezroq tarqatish maqsadida 2021 yil 2 fevralda BioRxiv serverida preprint e’lon qilindi.

Ushbu maqolada Xitoyning inaktivlangan BBIBP-CorV va rekombinant ZF2001 ikki vaksinasining koronavirusga qarshi neytrallashtiruvchi faolligi baholandi. Maqolada ta’kidlanishicha, «ikkala vaksina ham koronavirusning 501Y.V2 variantiga qarshi neytrallovchi titrlarni sezilarli darajada va SARS-CoV-2ning dastlabki virusi hamda hozirda keng tarqalgan virusning D614G variantida ozroq kamaygan holda saqlab qolgan».

Rushana Musayeva,

Innovatsion rivojlanish vazirligi ilmiy va innovatsion sohalarini tahlil qilish departamenti boshlig‘i

O‘zA