Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
COVID-19 tufayli bankrot bo‘lgan aviakompaniyalar
14:47 / 2022-04-22

Koronavirus pandemiyasi insonlar uchun ham, mamlakatlar uchun ham jiddiy sinov bo‘ldi.

Koronavirus pandemiyasi insonlar uchun ham, mamlakatlar uchun ham jiddiy sinov bo‘ldi. Korxonalarda ish to‘xtadi, kishilarning kundalik daromadiga putur yetdi. Oqibat -  sayyoramizning ko‘plab mintaqalarida xalqaro hamjamiyatning qashshoqlikni tugatish maqsadida amalga oshirib kelayotgan sa’y-harakati, bu borada erishilgan natijalar yo‘qqa chiqish xavfi paydo bo‘ldi. Odamlar, mamlakatlar  kambag‘allashdi. Birgina misol: mana bir necha haftadirki, iqtisodiyoti sayyohlik sohasiga tayangan Shri Lanka orolida iqtisodiy bo‘hron avjiga chiqmoqda. Orolda xorijiy valyuta tushumi kamayib ketgani uchun oziq-ovqat, yoqilg‘i sotib olish muammosi yuzaga keldi. Kuni kecha Shri-Lanka hukumati mamlakat tashqi qarzga xizmat ko‘rsata olmasligini ma’lum qilib, defolt e’lon qildi. Orol aholisi uyini sotib, Hindistondan qochqin sifatida boshpana so‘ramoqda. Koronavirus pandemiyasi tufayli shunga o‘xshash vaziyat boshqa ko‘plab davlatlarda ham kuzatilyapti.

Ma’lumki, pandemiya, ayniqsa, dunyo sayyohlik tarmog‘iga ko‘proq salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Byudjeti sayyohlikka bog‘langan mamlakatlarda shunday holat yaqqol ko‘zga tashlandi. Sayyohlik aviaqatnov bilan chambarchas bog‘liq. Karantin cheklovi tufayli chegaralar yopilishi aviakompaniyalar faoliyatida keskin tanglikni keltirib chiqardi. Havo kemalari parvoz qilmay, qo‘nalg‘alarda uzoq turib qoldi. Natijada aviakompaniyalar daromadini yo‘qotdi. Turib qolgan samolyotga xizmat ko‘rsatish ham mablag‘ talab qiladi. Parvoz amalga oshmagach, mablag‘ qayerdan kelsin?! Xullas, bu yog‘i bankrotgacha bir qadam. Dunyo bo‘yicha 80 dan ortiq aviakompaniya pandemiya tufayli xonavayron bo‘lgani yuqoridagi fikrimizga yaqqol misol.

 

Financial Times” gazetasi yozishicha, aviqatnov sohasida noaniqlik hamon davom etmoqda. Aviakompaniyalar tashuv va bandlik borasida haliyam inqirozgacha bo‘lgan ko‘rsatkichga qayta olgani yo‘q. Ko‘pgina aviakompaniyalar pandemiyagacha bo‘lgan darajaga endi chiqa olmasligini ham tushunib yeta boshladi.

Bu haqda AQSHda faoliyat ko‘rsatayotgan «Oliver Vayman» yetakchi xalqaro konsalting kompaniyasining “Dunyo flotining bozori va 2022-2032 yillarda texnik xizmat bashorati”, nomli eng so‘nggi hisoboti ham guvohlik bermoqda.

Hisobotda aytilishicha, pandemiya natijasida 2020 yildan buyon 63 aviakompaniya bankrotga uchragan yoki  qayta tuzilgan. Yana 20 ta avikompaniya 2022 yilda xonavayron bo‘lganini e’lon qilishi mumkinligi aytilmoqda.

«Oliver Vayman» kompaniyasi ishonch bilan ta’kidlashicha, pandemiyadan avvalgi ko‘rsatkichga ichki qatnov qit’alararo reyslarga nisbatan tezroq erishadi. Masalan, Yevropada, ichki reyslar 2019 yilgacha bo‘lgan davr ko‘rsatkichiga 2023 yil boshlarida yetsa, qit’alararo aviaqatnov 2024 yil o‘rtalarida qaytishi mumkin. Bunday farqqa sabab shuki, koronavirus pandemiyasi tufayli joriy qilingan ayrim cheklovlar hali-beri bekor qilinmasligi mumkin.

Aviaqatnovni avvalgi holatga qaytarishga salbiy ta’sir qiladigan yana bir omil tadbirkorlik va tijoriy safarlar istiqboli uzoqligidir. Keyingi yillar uchun xos bo‘lgan bir muhim o‘zgarish - masofadan turib ishlash va videokonferensiyalar tashkil etish biznes safarga talabni keskin kamaytirdi.

Hisob-kitobga qaraganda, 2020-2040 yillar orasida aviaqatnov, ayniqsa, Afrikada (5,4 foiz) va Osiyo-Tinch okeani mintaqasida (5 foiz) tez o‘sadi. Yevropada esa shu vaqt oralig‘ida aviaqatnov 3,1 foiz, Shimoliy Amerikada 2,7 foiz o‘sishni qayd etadi.

Hisobotda havo kemalari turlari haqida ham so‘z boradi. Kelgusida ensiz fyuzelyajli samolyotlardan ko‘p foydalaniladi. 2032 yilga borib bunday samolyotlar dunyo aviaparkining 64 foizini tashkil etarkan. Zero, COVID-19 dan keyin xalqaro aviaqatnovning sekin tiklanishi keng fyuzelyajli samolyotlarga talab pasayishiga sabab bo‘ladi. Qolaversa, ekspertlar tor fyuzelyajli samolyot yanada samarali bo‘lishi va atrof-muhitni kam ifloslantirishini ham ta’kidlamoqda. Yevropa mamlakatlari qisqa parvozlarni poyezd qatnovi bilan almashtirish niyatida ekani hisobga olinadigan bo‘lsa, keng fyuzelyajli samolyotlar parvozi sezilarli kamayishi turgan gap.

Pandemiya davrida yuk tashish aviaqatnov uchun tarixda kuzatilmagan yuksalish darajasini namoyon qildi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Qolaversa, bu holat bir qator mamlakatlarda elenktron savdo rivojini tezlashtirdi. Ekspertlar hisobicha, 2021 yil yo‘lovchi samolyotni yuk tashish uchun moslashtirish rekord darajaga chiqib, 100 dan ortiq samolyot qayta jihozlangan. Bashorat qilinishicha, bunday samolyotlar soni kelgusida yanada oshadi.

Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, insoniyat yaralibdiki, har qanday sharoitga moslashib yashashga harakat qiladi. Iqtisodiyotning barcha sohalari kabi aviaqatnovda ham shunday.

S.Rahimov, O‘zA