Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
COVID-19: Kasallikning nechta formasi borligi maʼlum qilindi
09:48 / 2020-07-20

Olimlar koronavirus kasalligining oltita formasi mavjudligini taʼkidlashmoqda, deb xabar qiladi Sky News telekanali Londondagi Qirollik kolleji tadqiqotchilari olib borgan izlanishlar natijasiga tayanib.


Olimlar koronavirus kasalligining oltita formasi mavjudligini taʼkidlashmoqda, deb xabar qiladi Sky News telekanali Londondagi Qirollik kolleji tadqiqotchilari olib borgan izlanishlar natijasiga tayanib.

Mutaxassislar AQSH va Buyuk Britaniyada 1600 bemorni kuzatib, ularda kechgan kasallik simptomlarini tahlil qilishdi. Aniqlanishicha, maʼlum bir klinik koʻrinishning namoyon boʻlishi ularda kasallik qanday kechishi mumkinligini bildirar ekan. Kasallik rivojlanishi koʻrsatkichlarining natijalariga qarab uning oltita guruhga boʻlinishi aniqlandi.

Koronavirus kasalligining dastlabki uchta formasini olimlar nisbatan yengil, deb baholagan. Chunki mazkur holatda faqat 1,5 foizdan 4,4 foizgacha boʻlgan bemorlarga respiratorli madad zarur boʻlgan. Dastlabki ikkita “grippga oʻxshash” formasidagi simptomlar bosh ogʻrigʻi, yoʻtal, tomoqdagi ogʻriq va ehtimol hidni sezmaslik koʻrinishida boshlanadi. Birinchi formasida esa bemor mushaklar va koʻkraklarida ogʻriqni his qilishi mumkin. Ikkinchi formasida bemorda tana harorati koʻtariladi, xirillaydi va ishtahasi yoʻqoladi. Dastlabki uchtasida koronavirusning “oshqozon-ichak” formasi asosan diareya va ishtahaning yoʻqolishi bilan namoyon boʻladi.

Keyingilari olimlar tomonidan kasallikning ogʻir formasi sifatida baholanmoqda. Koronavirus xastaligining toʻrtinchi formasi doimiy darmonsizlik, charchoq, tana haroratining koʻtarilib ketishi, bosh ogʻrigʻi va koʻkrakda ogʻriq turishi, hid sezgisini yoʻqotish, yoʻtal va xirillash bilan namoyon boʻladi. Beshinchi formasida ham oldingisidagi simptomlarni takrorlaydi, faqat ularga endi hushini yoʻqotish, ishtaha yoʻqolishi, tomoqdagi ogʻriq, mushaklar ogʻrigʻi qoʻshiladi.

Koronavirusning eng ogʻir formasi oltinchisi hisoblanadi. Mazkur forma koʻplab simptomlarni oʻzida birlashtiradi. Bosh ogʻrigʻi, hid sezgisini va ishtahani yoʻqotish, yoʻtal, tana haroratining oshib ketishi, xirillash, tomoqda va koʻkrakdagi ogʻriq, charchoq, hushni yoʻqotish, mushaklar ogʻrigʻi, nafas siqilishi, xarsillashi, diareya va qorinda ogʻriqning paydo boʻlishi shular jumlasidandir.

Xabarda taʼkidlanishicha, kasallikning oltinchi formasi bilan xastalangan bemorlarning yarmidan koʻpini kasalxonaga yotqizishga toʻgʻri keladi. Birinchi guruhdagi kasallarning esa atigi 16 foizi kasalxonaga tushgan.

Mutaxassislarning fikricha, koronavirusning aniq formasini topish epidemiyaga qarshi kurashda burilish yasashi mumkin va bemorning ahvoli qay darajada yomonlashishini oldindan aniqlashda ham qoʻl keladi.